Jizzax viloyati hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi 2020 yil noyabr oyida Jizzax shahri ko‘chalarini ko‘rkamlashtirish maqsadida Sharof Rashidov ko‘chasiga manzarali daraxtlar va gullar ekish uchun buyurtmachilarni tanlab olish maqsadida tanlov e’lon qilgan. Ushbu 1 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini My Flower MCHJ yutgan.

Mablag‘lar viloyat hokimi Saliyev Ergash Alibekovich farmoyishi bilan mahalliy byudjetning oshirib bajarilgan qismidan ajratilgan. Hokim mazkur farmoyishni tasdiqlash uchun xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasiga kiritishni birinchi o‘rinbosariga topshirgan

2020 yil fevralda Jizzax shahri ko‘chalariga mavsumiy gullar ekish ob’ekti bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda ham My Flower MCHJ pudratchi sifatida g‘olib bo‘lgan. Loyiha qiymati 1 mlrd 69 mln so‘m.

My Flower MCHJ 2019 yilning may oyida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, sub’ektining 50,80% ulushiga Saliyeva Nargiza Ergashevna, 49,20 foiziga esa Xolmo‘minov Zohidjon Xolmurod o‘g‘li egalik qiladi. Korxona gullar va ularning urug‘larini yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Bunga bloger Davletovuz e’tibor qaratdi.

«Bizda tasodiflar bo‘lmaydi. Byudjet puli sarfi hokimlarning qo‘lida. Hokimlar esa kimgadir ota, aka, uka, o‘g‘il. Pul va qarindoshning begonasi bo‘lmaydi», — deydi u.

Jizzax xokimiyatining matbuot xizmati «Gazeta.uz» ning so‘roviga javob sifatida hokimning shaxsiy hayoti to‘g‘risida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytdi.