2019 yilning dekabrida Toshkentda Yunusobod metro liniyasi qurilishi uchastkasida sodir bo‘lgan favqulodda hodisa yuzasidan jinoyat ishi aybdorlik masalasi hal etilmasdan bekor qilingan. Bu haqda «Gazeta.uz»ning 17 dekabrdagi murojaatiga ko‘ra, Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari Ikrom Narimov ma’lum qildi. Idoraning javob xati 21 dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, tahririyat esa 24 dekabrda qabul qilib oldi.

Eslatib o‘tamiz, bir yil muqaddam — 2019 yilning 18 dekabr kuni — Toshkentdagi metro qurilishi uchastkasida yer o‘pirilishi ro‘y berib, tuproq qulashi oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan edi.

Maxsus tekshiruv komissiyasi hodisa sabablarini o‘rganib, handaq qiyalik devorini mustaxkamlash ishlari jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, loyihadan chetlanish holati mavjudligi, yog‘ingarchilik suvlari hamda oqava quvurlaridan sizib chiqqan suvning intensiv tuproqqa shimilishi sabab bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

O‘shanda komissiya to‘rt oilaning har biriga 261,9 mln so‘mdan va yana bir oila uchun — 281,6 mln so‘m miqdorida bir martalik nafaqa belgilagan edi.

Bundan tashqari, marhumlarga qaram bo‘lgan mehnatga layoqatsiz shaxslarga oylik to‘lovlarni amalga oshirish uchun pul miqdori hisoblab chiqilgan va ish beruvchilarga taqdim etilgan.

Jinoyat ishi ayblilik masalasini hal qilmasdan tugatildi

Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

"Gazeta.uz" murojaatiga Toshkent shahar prokurori birinchi o‘rinbosari Ikrom Narimov javob berdi. Javob xatida ma’lum qilishicha, dastlabki tergov davomida ish bo‘yicha yig‘ilgan materiallar hamda qurilish va davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha tegishli soha mutaxassislarini jalb qilgan holda qurilish-texnik sud ekspertizasi o‘tkazilgan.

Ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Yunusobod metrosi bekatining tunneli o‘ng tomonining temir-beton konstruksiyasi qulab tushganiga tunnelni ochiq usulda kovlashda texnik xavfsizlik qoidalarining buzilganligi va qurilish ishlarining sifatsiz bajarilganligi sabab bo‘lgan. Bu mas’ul shaxslarning jarayonni yetarlicha nazorat qilmaganligi natijasida sodir bo‘lgan. Mas’ul shaxslar:

  • «Ko‘prik qurilish invest» UK 67 raqamli qurilish otryadi boshlig‘ining o‘rinbosari Otabek Alimov;
  • otryad ish yurituvchisi Saidbek Bobojonov;
  • otryadning qurilish bo‘yicha ustasi Saloxiddin Ashurov;
  • «Toshkent metropoliteni» UKning «Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi"ish yuritish bo‘limining qurilish-montaj ishlari bo‘yicha bosh inspektori Baxodir Muxamadrahimov.

Shahar prokurori birinchi o‘rinbosarining xatida Yunusobod metro liniyasining qurilishida ro‘y bergan fojea yuzasidan JKning 257-moddasi 2- qismi «a» bandi (Texnika xavfsizligi, sanoat sanitariyasi yoki mehnatni muhofaza qilishning boshqa qoidalarini shu qoidalarga rioya etilishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxs tomonidan buzilishi odam o‘lishiga sabab bo‘lsa), 258-modda 2-qismi «a» bandi (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Бу jinoyatlar «katta jamoat xavfsizligini keltirib chiqarmaydigan» turiga kiradi.

«Aniqlangan qoidabuzarliklar ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilganligini inobatga olgan holda yuqorida qayd etilgan shaxslar o‘zlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishni ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib tugatishni so‘rab murojaat qilishgan», deyiladi xatda.

Bundan tashqari, Mehnat vazirligining maxsus tuzilgan komissiyasi xulosasiga ko‘ra, ish beruvchi halokatda vafot etganlarning oila a’zolariga yetqazilgan zararni qoplagan. Ta’kidlanishicha, oilalar tomonidan e’tirozlar mavjud emas.

«„O‘zbekiston temir yo‘llari“ AJ boshqaruvining yuqoridagi xodimlarga bergan ijobiy tavsifnomasini inobatga olgan holda 2020 yil 18 mart kuni O‘zbekiston jinoyat kodeksining 84-moddasi 5-qism 2-bandiga asosan (ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan bo‘lsa) jinoyat ishi tugatildi», — deyiladi xabarda.