«Hozirda Hindistonda 3 ta vaksina ustida ish borilmoqda. Birinchi vaksina Hindiston tibbiy tadqiqotlar kengashi boshchiligida Bharat Biotech kompaniyasi tomonidan, ikkinchi vaksina Serum instituti tomonidan, uchinchisi esa Zydus Cadila kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan», — deya ma’lum qildi Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Manish Prabxat «O‘zbekiston 24» ga bergan intervyusida.

Birinchi vaksina ayni paytda uchinchi bosqich sinov jarayonlaridan o‘tkazilmoqda. Qolgan ikki vaksina esa ikkinchi bosqichda sinovdan o‘tayotganligi ma’lum qilindi.

«Hindistonda ishlab chiqarilayotgan vaksina kompaniyalari bilan O‘zbekiston videokonferensiya uchrashuvlarini olib bormoqda. Bizga shu yo‘nalishda vaksinalarni xavfsiz va bezarar mahsulotlarni halqimizga yetkazib berish vazifasi qo‘yilgan», — dedi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Temirov.

Eslatib o‘tamiz, 7 noyabr kuni Toshkentga Xitoy vaksinasi olib kelingan edi.

4 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Manturov Toshkentga koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasi namunalarini shaxsan yetkazib berdi.