20 dekabr kuni Norin tumanida yashovchi 18 va 23 yoshli ikki yigit oldindan til biriktirib, ijarada yashab kelayotgan, asli uchqo‘rg‘onlik bo‘lgan 16 yoshli qizni o‘g‘irlashga urinishgan. Qiz yurib ketayotgan Damas avtomashinasidan o‘zini tashlagan va olingan og‘ir tan jarohatlari sabab shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida vafot etgan. Bu haqda Sevimli telekanalida uzatilgan ko‘rsatuvda xabar berildi.

Uchqo‘rg‘on tumanidan ikki nafar, Norin tumanidan bir nafar qiz ushbu xonadonda bir yarim oydan buyon o‘qishga kirish uchun tayyorlov kurslariga qatnashish maqsadida yashab kelayotganidan profilaktika inspektori ham, mahalla raisi ham bexabar bo‘lgan.

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismi (hayoti xavf ostida qolgan shaxsga yordam ko‘rsatmaslik, aybdorning o‘zi jabrlanuvchini xavfli ahvolga solib qo‘ygan va og‘ir shikast yetkazilishiga olib kelishi) hamda 137-moddaning 3-qismi (odam o‘g‘rilash) «b» bandi (og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.