23 dekabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollarining muloqotini tashkil etish bo‘yicha videokonferensaloqa shaklida ilk uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston nomidan Senat raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.

Tadbirda Markaziy Osiyoda davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda xotin-qizlarning o‘rni, ularning davlat va jamoat ishlaridagi ishtiroki, o‘zgarishlarni ro‘yobga chiqarish va islohotlarni amalga oshirishga ko‘maklashish, shu jumladan, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.

Tadbirda nutq so‘zlagan Tanzila Narbayeva yangi norasmiy mexanizm yig‘ilishini tarixiy voqea deb atadi va shu tariqa «mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun mutlaqo yangi maslahat maydonchasi shakllanayotganini» ta’kidladi. U kelajakda Afg‘oniston vakillari «bizning uchrashuvlarimizga yanada yaxlitlikni ta’minlaydigan» muloqotga qo‘shilishlariga umid bildirdi.

Uchrashuvda ta’qidlanganidek, «Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari bilan muloqot» norasmiy mexanizmining faoliyati mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni saqlash, mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, barqaror rivojlanish erishish, davlat va jamiyat boshqaruvi, tadbirkorlik tizimida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishga, qolaversa, xotin-qizlar, yoshlar va bolalarning huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan loyihalar va dasturlarni amalga oshirishni jadallashtirish hamda gender tenglikni ta’minlashga ko‘maklashadi.


BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi (MOPDMM) rahbari Natalya German ushbu markaz mintaqaviy va global sheriklik aloqalarini kengaytirish hamda tajriba almashishni o‘z ichiga olgan muhokamalar va keyingi ishlar uchun platforma yaratishda yordam berishga tayyorligini ta’kidladi.

BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbarining taklifiga binoan 2021 yilda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilish Tanzila Narbayevaga topshirildi.

O‘zbekiston quyidagi yo‘nalishlardagi hamkorlikni taklif etdi:

  1. Mintaqa mamlakatlaridagi ayollarning holatini tahlil qilish («Biz qo‘shni bo‘lsak ham, hammasini bilmaymiz»)
  2. Qonun hujjatlarini chuqur tahlil qilish (ayollar maqomini oshirish va ularning davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish);
  3. Ta’lim darajasini oshirish;
  4. Ayollarning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish;
  5. Ish bilan ta’minlash, ayollar tadbirkorligi;
  6. Zo‘ravonlik bilan bog‘liq muammolar;
  7. Ta’lim masalalari («Bu bir tomonlama bo‘lmasligi kerak»);
  8. Xabardorlikni oshirish.

Tanzila Narbayeva kelgusi yilga mo‘ljallangan tadbirlar rejasiga «turli formatlarda» — ayol deputatlarning markaziy va mintaqaviy darajadagi maslahat-uchrashuvlari, biznes-forumlar, konferensiyalar, davra suhbatlari, olima ayollar, turli soha mutaxassislari ishtirokidagi seminarlarni kiritishni taklif qildi.

Senat raisi epidemiologik vaziyat yaxshilanganidan keyin birinchi marta ayollar rahbarlari konferensiyasini, shuningdek, BMT agentliklari ko‘magida O‘zbekistonda dialogda ishtirok etadigan mamlakatlarning birinchi ayollar biznes forumini o‘tkazishni taklif etdi.