UzAuto Motors 2021 yil yanvar oyida Asaka zavodi faoliyatini vaqtincha to‘xtatish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Kompaniyaning bildirishicha, bu yangi sifat standartlarini joriy qilish bilan bog‘liq.

«Sifat standartlariga bo‘lgan talabning oshishi barcha Chevrolet modellariga bevosita ta’sir qiladi, shu sababli ishlab chiqarishda barcha zarur modernizatsiya jarayonlarini amalga oshirish maqsadida 2021 yil yanvar oyida Asaka zavodi faoliyatini vaqtincha to‘xtatish rejalashtirilgan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, kompaniya yangi standartlarga javob bermaydigan dilerlarning dilerlik shartnomalarini bekor qilinishini ma’lum qildi.

UzAuto Motors’ning qayd etishicha, dilerlik tarmog‘i tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlarning sifati xam oshiriladi va yuqori darajadagi kafolatlangan xizmat joriy etiladi, xizmatlarning sifat darajasi kadrlarni tayyorlash, sodiqlik dasturlarini joriy qilish, mijozlarning fikrlarini o‘rganish va boshqa ko‘plab amalga oshirilayotgan ishlar evaziga oshirib boriladi.

Kompaniya, shuningdek, SAP (System Analysis and Program Development) dasturiy ta’minotini joriy etishni rejalashtirayotgan. Bu esa savdo, xizmat ko‘rsatish va marketing jarayonlarini yanada samarali tashkil etishga imkon beradi.

«Ushbu ijobiy o‘zgarishlarning barchasi kelgusi yilga rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘zgarishlardan asosiy maqsad Chevrolet xaridorlari avtomobilni vakolatli dilerlardan sotib olishlari va ularga xizmat ko‘rsatish jarayonidan qoniqish hosil qilishlari hamda, o‘zlarini biz uchun eng muhim va qadrli ekanliklarini his qilishlariga qaratilgan», — deya ta’kidlamoqda UzAuto Motors.