Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi birgina iste’molchining murojaatini (zarar 420 so‘mni tashkil etgan) o‘rganish jarayonida Ucell kompaniyasi 337 975 ta abonentga jami 97 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazganini aniqlandi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1 oktyabrdan boshlab Ucell kompaniyasining abonent hisoblaridan 420 so‘mni olib qo‘yishi to‘g‘risida kelgan SMS-xabar kela boshlagan. Abonenti ushbu vaziyatga oydinlik kiritishga uringan va mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilgan. Natijada esa hozirda mavjud bo‘lmagan xizmat uchun ham hisobdan mablag‘ yechib olingani aniqlangan.

«Iste’molchi Ucell abonent Al-Chiroq aksiyasi ishtirokchisi, bu tarmoqda atigi 84 so‘mga daqiqalarni, SMS-to‘plamlarni yoki internetning megabaytlari taqdim etiladi. Bu xizmat necha kundan buyon mavjud emasligiga qaramay, pul abonent hisobidan chiqarildi. O‘z navbatida, iste’molchi pm.gov.uz veb-saytida murojaat qoldirishga qaror qildi, uning tafsilotlari Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan o‘rganildi», — deyiladi xabarda.

Agentlik COSCOM MCHJga xat yuborib, natijada iste’molchilar huquqlari buzilish holatlari mavjudligini aniqlagan. Jumladan:

Al-Chiroq aksiyasi shartlariga ko‘ra, Ucell kompaniyasining ro‘yxatdan o‘tgan abonentlari Kontent-provayderlar tomonidan maxsus ishlab chiqarilgan First IT-Group mobil dasturda kuniga 1 so‘mdan kunlik abonent to‘lovi evaziga bitta xizmatni olish imkoniyati mavjud edi. 2020 yil 25 avgustdan boshlab esa aksiya uchun kunlik abonent to‘lovi 84 so‘mni tashkil etadi.

Joriy yilning 30 sentyabrdan uskunalarda nosozlik kelib chiqqan, 5 oktyabrda Kontent-provayder tomonidan nosozlik bartaraf etilgan. Mazkur nosozlik tufayli abonentlar 30 sentyabr — 4 oktyabr oralig‘ida aksiya shartlarida ko‘zda tutilgan xizmatlardan foydalana olmagan.

«O‘rganish natijasida hisobidan noqonuniy mablag‘ yechilgan iste’molchi yagona emasligi aniqlangan. Aksiyada 30 sentyabr — 4 oktyabr kunlari 337 975 ta abonent qatnashgan — ulardan jami 97 432 379,33 so‘m miqdorida abonent to‘lovi yechib olingan. Abonentlarning foydalanilmagan xizmat kunlari uchun mablag‘lari kompaniya tomonidan to‘liq qaytarib berildi», — deyiladi agentlik xabarida.

Ma’lumot o‘rnida, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunning 21-моддасига ko‘ra, sotuvchi iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.