«Rossiya temir yo‘llari» kompaniyasi O‘zbekiston va Tojikistondan yetishtiriladigan meva va sabzovot mahsulotlarini harakatli refrijerator tarkibida olib kirishga 50% lik chegirma joriy qildi. Ushbu tarif 2021 yil davomida to‘liq amalda bo‘ladi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-noyabr oylari davomida amalga oshirilgan O‘zbekiston meva-sabzavot eksportining eng katta qismi (26%) Rossiyaga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, 243,1 mln dollarga teng bo‘ldi. 2019 yilning shu davrida esa ushbu ko‘rsatkich 151,1 mln dollarga (13,3%) teng bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi oxirida «Rosselxoznadzor» Farg‘ona viloyatidan pomidor va qalampir olib kirishga taqiq qo‘ygan edi. 11 dekabr kunidan esa Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida yetishtirilgan pomidor va qalampirlar mahsulotlarining kiritilishiga taqiq qo‘yildi. Keyinchalik Farg‘ona viloyatida yetishtirilgan pomidor va qalampirlarga qo‘yilgan taqiq qisman bekor qilingan edi.