Britaniyadagi koronavirusning mutatsiyaga uchrab, tez tarqalayotgan yangi shtammi ko‘proq bolalar va yoshlarda aniqlanmoqda hamda kasallik belgilarida deyarli o‘zgarish yo‘q. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva ma’lum qildi.

«Mutatsiyadan so‘ng virusning toj oqsillarida o‘zgarish bo‘lgan — bular virusning odam tanasi hujayralari qobig‘idan o‘tib, ichkariga kirishida kalit vazifasini o‘tovchi qismidir. Virus shu tojlar orqali tana hujayrasi yuzasi bilan kontaktga kirishadi. Ishlab chiqilayotgan vaksinalar koronavirusning tashqi qobig‘i, ya’ni yog‘ kislotasi mavjud S-oqilli qobig‘iga ta’sir qiladi», — dedi u.

«Vaksina immun tizimini virusning turli tarkibiy qismlariga hujum qilish uchun tayyorlaydi, bu esa tojning muayyan qismi mutatsiyaga uchrasa ham, vaksina samarasi saqlanib qolishini anglatadi», — deya ta’kidladi Sevara Ubaydullayeva.

Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniyada aniqlangan koronavirusning yangi shtammi bir necha mamlakatlarda qayd etilgani haqida xabar bergan edik. Saudiya Arabistoni ushbu shtamm tufayli chegaralarini yopdi. Isroilga chet elliklarning kirishi to‘xtatildi.

O‘zbekistondagi epidemiologik barqarorlikni saqlab qolish va koronavirus infeksiyasi tarqalishining yangi o‘choqlari paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan, 21 dekabr sanasidan 2021 yil 10 yanvarga qadar quyidagi davlatlar bilan xalqaro aviareyslar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublikaga kirish)to‘xtatildi.