Energetika vazirligi elektr ta’minoti uchun mavjud qarz to‘langandan so‘ng, elektr energiyasi avtomatik tarzda ishga tushmasligiga izoh berdi.

Xabar berilishicha, ASKUE tizimi iste’molchilarning 100 foizini qamraganidan so‘ng to‘liq tartibda ishlay boshlaydi. Bugungi kungacha 72% iste’molchilarga ushbu turdagi hisoblagichlar o‘rnatilgan. Ushbu tizimga to‘liq ulanish 2021 yil apreligacha rejalashtirilgan.

«Ayni paytda elektr iste’moli bo‘yicha qarz to‘langach, uning ta’minotini „qo‘lda“ qayta tiklashga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq, ASKUE tizimiga to‘liq ishlashini uzoq kutishga to‘g‘ri kelmaydi, chunki hozirda 5 mln 307 ming 346 iste’molchi zamonaviy hisoblagichlar bilan ta’minlangan», — deya javob berdi Energetika vazirligi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, ushbu hisoblagichlarga ega 2,9 mln (54%) iste’molchi billing tizimiga ulangan, ya’ni to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng avtomatik tarzda elektr energiyasini qabul qilish ishga tushadi.