O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX alyansi orqali 2 mln doza vaksina so‘rab murojaat qilgan va O‘zbekistonning arizasi qabul qilingan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Nurmat Otabekov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Agar qaysidir vaksina Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tasdiqlanadigan bo‘lsa, u O‘zbekistonga olib kelinadi va birinchi navbatda 65 yoshdan yuqori bo‘lgan shaxslar, tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar, bog‘chalar tarbiyachilari emlanadi.

Ma’lumot uchun, COVAX halqaro tizimi 190 davlatni o‘zi ichiga oladi va uning a’zolari koronavirusga qarshi vaksinani 2021 yilning birinchi yarmida qo‘lga kiritishlari kutilmoqda. Kamida 1,3 mlrd doza hajmidagi vaksina daromadi past va o‘rtacha bo‘lgan 92 ta mamlakat iqtisodiy yordam sifatida topshiriladi.