The Economist nashri Afrikaning janubida joylashgan Malavi davlatini yil davlati deb e’lon qildi. Bu qarorni nashr «avtoritar hududda demokratiyaning tiklanishi» uchun deya izohladi.

Xabar berilishicha, koronavirus pandemiyasi davrida o‘nlab mamlakatlarda demokratiya va inson huquqlariga bo‘lgan hurmat ancha pasaygan. Malavi esa bu borada vaziyat yaxshilangan yagona davlatga aylandi.

2019 yil bahorida Malavida bo‘lib o‘tgan saylovlarda prezident Piter Mutarika ikkinchi muddatga saylandi. Biroq keyinchalik ovozlarni hisoblash jarayoni qalbakilashtirilgani aniq bo‘lgan edi. Shundan so‘ng Malavida ommaviy noroziliklar boshlanib, konstitutsion sud saylov natijalarini bekor qilgan. Takroran o‘tkazilgan saylovlarda sobiq prezident mag‘lub bo‘lgan va muholifat nomzodi Lazarus Chakver g‘alaba qozongan.

«Malavi haligacha qashshoq, lekin u yerda yashovchi odamlar — fuqaro, qul emas», — deya yozgan The Economist.

Ushbu nomga sazovor bo‘lish uchun ro‘yxatda Yangi Zelandiya (COVID-19 ga qarshi olib borilgan samarali kurash uchun), Tayvan (COVID-19 ga qarshi olib borilgan samarali choralar, yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlar va Xitoy siyosatiga qarshi tura olganlik uchun), AQSH (qisqa muddat ichida COVID-19 ga qarshi vaksina o‘ylab topganligi, Donald Trampni ikkinchi muddatga saylashdan bosh tortgan saylovchilari uchun) va Boliviya (sotsialist prezidentning vazifasidan ozod etilib, texnokrat prezident Luis Arseni tanlaganliklari uchun) kabi davlatlar bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, The Economist 2019 yilda O‘zbekistonni yil davlati deb e’lon qilgan edi.