IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Navoiy viloyati Zarafshon shahrida 13 dekabr kuni soat 10:00 da 45 yoshli M.Q.ning murdasi tashqi tan jarohatlarsiz topilgan.

Sud-tibbiy ekspertizada M.Q.ning tanasida o‘limga olib kelgan «qorin bo‘shlig‘ining yopiq qo‘shma jarohati, to‘sh suyagini yopiq sinishi, ichak tutqich arteriyasini yorilishi» kabi jarohatlari borligi aniqlangan.

Dastlabki tergovga ko‘ra, mazkur jinoyatni 41 yoshli S. S. sodir etgani, janjalga esa har ikki fuqaroning spirtli ichimlik ta’sirida bir-birlarini so‘kib-haqorat qilganlari sabab bo‘lgani aniqlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va S.S. qamoqqa olingan.