Rossiyada korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi asoschisi Aleksey Navalniy «Men o‘z qotilimga qo‘ng‘iroq qildim. U hammasini tan oldi» deb nomlangan videoni internetga joyladi.

Avvalroq, CNN, The Insider va Bellincat nashrlari tomonidan birgalikda surishtiruv olib borilgani va suiqasdda 8 nafar FSB xodimining qo‘li borligi haqida aytilgan edi. Joylangan videoda Navalniy e’lon qilingan Federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlarining biri — Konstantinom Kudryavsev bilan gaplashgani aks etgan. Unda Kudryavsev reja bo‘yicha Navalniy tirik qolmasligi kerak bo‘lganini tan olgan.

Qo‘ng‘iroq 14 dekabr kuni amalga oshirilgan. Navalniy o‘zini Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning yordamchisi deb tanishtirgan va rahbariyatga hisobot berishi kerakligini aytib undan izoh so‘ragan.

Qo‘ng‘iroq qilayotgan paytda Navalniy Kudryavsevning Omskka uchgani va undan oldin esa uni kuzatgani haqida xabari bo‘lgan. Muxolifatchiga bu haqda Bellingcat va The Insider xabar berishgan.

Navalniyning nega ushbu operatsiya o‘lim bilan yakunlanmagani haqidagi savoliga FSB xodimi unda aniq ma’lumot yo‘qligini, biroq hammasi puxta rejalashtirilganligini aytgan. Muvaffaqiyatsizlikni esa u vaziyat bilan, ya’ni samolyotning tezda qo‘nishi va tez yordamning tezkor choralari bilan izohladi.

Kudryavsev shuningdek, zahar Navalniyning ich kiyimiga surtilgan bo‘lgani haqda aytgan. Navalniy e’lon qilgan boshqa suhbatda, FSBning boshqa xodimi Mixail Yevdokimov Navalniyning kiyimlarini Kudryavsevga tozalash uchun berganini tan olgan.

RIA Novosti’ning xabar berishicha, FSB Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha surishtiruv-tekshiruv ishlari olib borilib, unga protsessual baho berilishini e’lon qilgan.