Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan jinoyat ishi yuzasidan sud jarayonlarida uning ko‘rsatuvi tinglandi. Advokat Xushnud Ahrorovning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, Yo‘ldosheva marhum Farrux Rustamovning o‘limiga aloqasi yo‘qligi hamda dastlabki tergov organi tomonidan ayblov asossiz qo‘yilganini ta’kidlagan.

“Sudlanuvchilar Sheyxnazar Ro‘zmetov va Jahongir Ziyadullayev ko‘rsatuvlaridan so‘ng Guljahon Yo‘ldosheva o‘z ko‘rsatuvlarini boshladi. U dastlab Rustamov bilan bog‘liq bo‘lgan epizod (19 epizod) bo‘yicha ko‘rsatuv berdi. Rustamovning u rahbarlik qilayotgan shifoxonadan ruhiy asab kasalliklari shifoxonasiga jo‘natilgan vaqtda u ishdan dam olish imkoni mavjudligi hamda farzandi betobligi sabab uyda bo‘lganini aytdi. U ishga ertalab qaytib kelgach, Rustamov jo‘natilgani va ruhiy kasalliklar shifoxonasida vafot etgani haqida xabar topganini bayon etdi”, — dedi advokat Xushnud Ahrorov.

Advokat Xushnud Ahrorov. Foto: Abdullo Yodgorov / “Gazeta.uz”.

Avvalgi sud majlislarida Sheyxnazar Ro‘zmetov marhumning kasallik tarixidan ko‘chirma yozib bergani va uni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazilishida Yo‘ldoshevadan buyruq olmaganini ta’kidlagan. Qolaversa, Ro‘zmetov ko‘chirish bo‘yicha ruxsat berilganini Jahongir Ziyodullayev va Akmal A’zamov, dispanserdan bosh shifokor o‘rinbosari Faxriddin Yorbozorov orqali bilgan.

Guljahon Yo‘ldoshevaning advokati u ushbu ayblov sabab bir oydan oshiq vaqt davomida qamoqda ushlab turilganini qo‘shimcha qilgan. Sudlanuvchi esa bemorlarni kechasi ko‘chirib o‘tkazishga hech qachon ruxsat bermagani, faqat kunduzi boshqa shifoxonaga olib ketishga buyruq berilishini qayd etgan. Qolaversa, Rustamov sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangani bois uni boshqa shifoxonaga o‘tkazishning o‘zi mantiqsiz ekanini va bunga sabab qilib, shifoxonada maxsus apparat bilan jihozlangan tez yordam mashinalari mavjud emasligini ta’kidlagan.

JIB Chirchiq shahar sudi raisi Sunnatillo Avlaqulov. Foto: Abdullo Yodgorov / “Gazeta.uz”.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati bosh infeksionisti unga qo‘yilgan iqtisodiy ayblovlar bo‘yicha ham ko‘rsatuv bergan.

“Iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha tegishli hujjatlar ilova qilingan holda dastlabki tergov organi tomonidan ayblov asossiz qo‘yilganи, bu pul qiymatliklari o‘zlashtirilmagani yoki talon-toroj qilinmagani, balki tegishligicha, qonun doirasida 12 soatdan oshiq ishlagan bo‘lsada, oylik ish haqida, ustama va navbatchilik uchun to‘lab berganini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qildi”, — deya qayd etdi advokat.

Kun.uz e’lon qilgan video da Guljahon Yo‘ldosheva davlat da’vogari tomonidan noto‘g‘ri hisoblashlarga yo‘l qo‘yilganini ta’kidlagan. “Umumiy e’tirozlarim bor. Iqtisodiy epizodlarni yaxlitlashtirganda jami 367 mln 664 ming 720 so‘m chiqmoqda. Davlat da’vogariga sudda so‘z berilganida 339 mln 226 ming so‘m, deya aytgan edi. Bu bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti”, — degan sudlanuvchi. U, shuningdek, iqtisodiy epizodlar bo‘yicha bitta holatni bir necha marotaba qayta yozish holati mavjudligi va bu mablag‘larni oshirib, ko‘paytirilishga sabab bo‘lganini aytdi.

Davlat ayblovchilari Nig‘monov va Qurbonboyev. Foto: Abdullo Yodgorov / “Gazeta.uz”.

“Gazeta.uz” muxbirining ma’lum qilishicha, 17-dekabr kuni navbatdagi sud majlisida Guljahon Yo‘ldoshevaga uning ko‘rsatuvlari yuzasidan davlat ayblovchilari hamda advokatlar aniqlashtiruvchi savollar berishgan. Yo‘ldosheva karantin davrida shifoxonaga tegishli kompyuter, printer va planshetni uyiga olib ketib ishlatgani, keyinchalik esa yana shifoxonaga qaytargani, planshetni esa odatda o‘zi bilan zaruriyat yuzasidan olib yurishini aytdi.

Qolaversa, sudlanuvchi oshxona faoliyati autsorsingga berilgani va davlat ayblovchilari aytayotgandek 31 mln so‘mdan ortiq kamomad emas, balki 41 mln so‘m iqtisod qilinganini qayd etib, buning isboti aks etgan hujjatlarni sudga taqdim etdi. Shuningdek, pullik xizmatlardan tushgan daromad va shifoxona mablag‘lari hisobidan xodimlarni ijtimoiy rag‘batlantirishga 50 foizdan ko‘p pul ajratilmagani, balki, 2019−2020-yil hisobiga jami 65 foiz miqdorda mablag‘ yo‘naltirilganini ta’kidladi.