Sirdaryo viloyati Shirin shahrida yashovchi X.A. (15 yoshli voyaga yetmagan, qiz) o‘gay onasi unga yomon munosabatda bo‘lib, ko‘p hollarda doimiy ruhiy bosim o‘tkazgani, yengil jarohatlar bilan kaltaklab kelayotganligini videomurojaatda ma’lum qilgan edi. Bunga shahar hokimligi munosabat bildirdi.

Xabarga ko‘ra, X.A ning buvisi R.M. Shirin shahar IIBga ariza bilan murojaat qilib, X.A. ning o‘gay onasi N.Z. uni urib tan jarohati yetkazganligi uchun qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

Mahalla tizimi xodimlari bilan suhbatda N.Z. o‘gay qizini uy yumushlarida aytganlarini qilmaganligi uchun «tarbiyalaganligini» iddao qilgan

Ma’lum qilinishicha, sud tomonidan ishni ko‘rish vaqtiga kelib, voyaga yetmagan X.A. ko‘rsatmalarini o‘zgartirib o‘gay onasi tomonidan muntazam ravishda qiynab va uyatsiz buzuq harakatlar qilganligini bayon etganligi bo‘yicha murojaat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Shirin shahar prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilgan.

Shirin shahar IIB tomonidan N.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) va 110-moddalari (qiynash) bilan ayblov e’lon qilinib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.