Xonanda Jasur Umirov voyaga yetmagan Sh. M.ni nomusiga tekkanligi holati yuzasidan 9 dekabr kuni Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va hozirda dastlabki tergov harakatlari bormoqda. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.

Sh. M. advokati M.Rustamova bilan birgalikda viloyat prokuraturasiga murojaat etib, tergov harakatlaridan noroziliklarini bayon etishgan. Shundan so‘ng, jinoyat ishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Ishda to‘plangan dalillar asosida xonandaga nisbatan 118-moddasi 3-qismi «a» bandi (o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) bilan ayb e’lon qilinib, sudning 21 dekabr kunidagi ajrimiga asosan unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Jinoyat ishi tergovi viloyat prokurori Ravshan Masharipov tomonidan alohida nazoratga olindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bosh prokuratura xonandaning voyaga yetmagan qizni zo‘rlab, nomusiga tekkani haqidagi xabar bo‘yicha bayonot bergan edi. Unga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limining jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarori bekor qilinib, qo‘shimcha tekshiruv harakatlarini olib borish belgilangan edi. Keyinchalik, tekshiruv harakatlaridan so‘ng jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.