Saudiya Arabistoni hukumati koronavirusning yangi shtammi tarqalishi sababli barcha xalqaro parvozlarni bir haftaga to‘xtatib qo‘ydi, deb xabar bermoqda Saudi Press Agency qirollik ichki ishlar vazirligi vakiliga asoslanib. Cheklovlar yana bir haftaga uzaytirilishi mumkin.

Shuningdek, cheklovlar uzaytirilishi ehtimoli bilan qirollikka quruqlik va dengiz portlari orqali kirish ham bir haftaga to‘xtatib qo‘yildi.

Yevropa va yangi koronavirus shtammi paydo bo‘lgan mamlakatlardan qirollikka barcha qaytib kelganlar ikki haftaga o‘z-o‘zini yakkalab, COVID-19 ga test topshirishlari kerak.

Avvalroq, Buyuk Britaniyada 70% ko‘proq yuqumli bo‘lgan koronavirusning yangi shtammi qayd etilgani va keyinchalik u Gollandiya, Daniya, Avstraliya va Italiyada ham aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Bir qator Yevropa davlatlari Buyuk Britaniya bilan havo qatnoviga cheklovlar qo‘ydi.