Dushanba va seshanba kunlari O‘zbekistonda ob-havo sharoitini dam olish kunlari Respublikaga kirib kelgan quruq va deyarli sovuq antitsiklon havo massalari belgilaydi. Barcha viloyatlarda ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi kutilmoqda, kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin, deya xabar berdi O‘zgidromet.

Havo harorati kechalari 0−5 daraja sovuq, kunduz kunlari 0−5 daraja iliq atrofida, ba’zi joylarda 7 daraja iliqqacha bo‘ladi.

23 dekabrda Kavkaz hududlaridan kirib kelgan biroz nam havo massalari respublika hududlari bo‘yicha siljiydi. Respublika hududlarining ko‘p qismida yog‘ingarchiliksiz bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat markaziy hududlar bo‘yicha ba’zi joylarda biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Havo harorati deyarli o‘zgarmaydi.

24−25 dekabrda O‘zbekistonga Eron hududlaridan iliq havo massalari kirib keladi. Havo harorati ko‘tariladi va ish haftasining oxiriga kelib, kunduz kunlari havo 7−12 darajagacha isiydi.

Hududlarning ko‘p qismida shu kunlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Faqat, respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga 25 dekabrda janubiy siklon kirib kelishi boshlanadi, buning hisobiga Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.