Qozog‘istonda 25 dekabrdan 5 yanvargacha koronavirus tarqalishiga qarshi cheklovlar kuchaytirilmoqda. Barcha ommaviy tadbirlarni, shu jumladan, bog‘chalardagi yangi yil bayramlari va jamoaviy bayram korporativlari, sport, tomosha tadbirlarini o‘tkazish taqiqlanadi, deya xabar berildi Qozog‘iston hukumati saytida.

Xabarda aytilishicha, Qozog‘istonda hozirda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat to‘liq nazorat ostida. Biroq yanvar-fevral oylari davomida infeksiya tarqalish xavfi katta.

Shuningdek, Qozog‘istonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha komissiya qabul qilgan qarorga ko‘ra, ulgurji bozorda COVID-19'ga qarshi dori vositalarini o‘rtacha 24% ga arzonlashtirish buyurildi.

Bundan tashqari, Qozog‘istonda 9, 11, 12-sinf o‘quvchilari uchinchi choraklikdan boshlab ta’limning birlashtirilgan, ya’ni 70% fanlar an’anaviy ko‘rinishda, 30% fanlar esa masofaviy tarzda olib boriladi.