«Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasining xabar berishicha, Markaziy bank, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbariyatida o‘zgarishlar amalga oshdi.

2019 yilning mart oyidan Markaziy bank raisining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan Saidqahhor Xolxo‘jayev iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Saidqahhor Xolxo‘jayev. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Saidqahhor Xolxo‘jayev 1981 yilda Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Toshkent moliya instituti bakalavr (2002) va magistratura (2004) bosqichlarini tugatgan. Ban sohasida 17 yil faoliyat yuritgan. 2017−2019 yillarda «O‘zagrosug‘urta» sug‘urta kompaniyasiga rahbarlik qilgan.

Vazirlar mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish kotibiyati rahbari Ayubxon Kamalov esa Markaziy bank raisining yangi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Ayubxon Kamalov. Foto: Namangan viloyati hokimligi.

Ayubxon Kamalov 1971 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1993 yilda Leningrad qishloq xo‘jaligi instituti, 2001 yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan. 1994−2017 yillarda bank va Moliya vazirligi tizimlarida turli vazifalarda ishlagan.

2017−2019 yillar davomida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi ijrochi direktori bo‘lgan. Ayubxon Kamalov 2019 yil fevralidan 2020 yilning may oyiga qadar Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlagan.

Akmalxon Ortiqov. Foto: Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi.

28 martdan beri iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Akmalxon Ortiqov Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori etib tayinlandi.

Akmalxon Ortiqov avval Namangan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. U 1980 yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat iqtisodiyot institutini tamomlagan. 2001 yildan 2013 yilgacha Moliya vazirligi tuzilmalarida turli lavozimlarda ishlagan.

2013−2015 yillarda Namangan viloyati, 2015−2017 yillarda Farg‘ona viloyati hokimiyati moliya boshqarmasiga rahbarlik qilgan.