Turkiyaning Istanbul shahrida turk politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan Abdukarim Mirzayevning mamlakatdan deportatsiya qilinmasligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda jurnalist faoliyat ko‘rsatayotgan Registon TV onlayn telekanalining rasmiy sahifalarida xabar berildi.

«Azizlar, Registon TV oilasi a’zosi, jurnalist va rejissyor Abdukarim Mirzayev bilan bog‘liq xushxabarimiz bor. Istanbul Migratsiya idorasi (Göç idaresi)dan olingan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Abdukarim Mirzayev deportatsiya qilinmaydi. Uning ozod etilishi esa vaqt bilan bog‘liq masala», — deyiladi xabarda.

Avvalroq jurnalistning «shubhali shaxslar bilan telefon orqali muloqotda bo‘lgani» aybi bilan qo‘lga olingani, biroq shubha-gumonlar o‘z tasdig‘ini topmagani, biroq uni mamlakatdan deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqarilgani haqida xabar bergan edik.

Keyinroq O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘zbek jurnalistning Turkiyada qo‘lga olinishida O‘zbekiston tomonining hech qanday aloqasi yo‘qligini hamda Abdukarim Mirzayevning hech qanday jinoiy ish bilan aloqasi bo‘lmagani va qidiruvdagilar ro‘yxatida ham yo‘qligini ma’lum qildi.

Ta’kidlash joizki, o‘zbek jurnalistining Turkiyada qamoqqa olinishi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususan, #FreedomToAbdukarim, #freeAbdukariM heshteglari ostida o‘n minglab postlar, tvitlar qoldirildi. Twitter ijtimoiy tarmog‘ida Turkiyaning taniqli shaxslari, siyosatchilarga murojaatlar yo‘llandi.

«Gazeta.uz»ning Turkiyadagi muxbiri Sanjar Rustamov ayni vaqtda ushbu masalaga turk matbuoti ham e’tibor qaratgani, o‘zbek jurnalistining aybi isbotlanmagan bo‘lsa ham Migratsiya idorasining Deportatsiya markazida saqlab turilgani aytilayotganini ma’lum qildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya Buyuk Millat Majlisining millat vakili (deputati) Mustafa Yenerog‘luning kotibiyatidan Abdukarim Mirzayevning advokatiga qo‘ng‘iroq bo‘lgan va zarur ma’lumotlar olingan.