Fond loyihasi doirasida eshitish qobiliyati zaif va kar bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning 200 nafar o‘quvchilariga kompleks tashxis ko‘rigi o‘tkazildi.

Ma’lum qilinishicha, 2020 yilning sentyabr oyidan noyabr oyigacha 23 nafar bolalar uchun jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi va ularning eshitish qobiliyati tiklandi. 19−20 dekabr kunlari yana 13 ta jarrohlik amaliyoti amalga oshiriladi.

Implantlarning keyingi sozlanishi hamda bolalarning logopedlar va surdopedagoglar bilan shug‘ullanishi dastlabki reabilitatsiya bosqichiga kiritilgan.

18 dekabr kuni «Zamin» fondi Vasiylik kengashining raisi Ziroat Mirziyoyeva dasturda ishtirok etayotgan 36 nafar bolalar, ularning ota-onalari va shifokorlar bilan uchrashdi.


Kelgusi yilda ham ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchilari uchun 30 dan ortiq koxlear implantatsiya bo‘yicha jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.