17 dekabr kuni jamoat ishiga jalb qilingan va oyligini ololmagan fuqarolar Nukus shahri markaziga chiqqani haqida ma’lumot berilgan edi.

Mehnat vazirligi xabariga ko‘ra, noyabr oyida «Temir daftar»ga va «Ayollar daftari»ga kiritilgan kambag‘al oilalarning mehnatga layoqatli a’zolarining bandligiga ko‘maklashish maqsadida Nukus shahrida 1184 nafar ishsiz fuqaro qo‘shimcha ravishda jamoat ishlariga jalb etilgan va ularga 817 mln so‘m ish haqi hisoblangan.

Tartibga ko‘ra, ish beruvchi bajarilgan ish hajmi to‘g‘risida dalolatnoma taqdim etganidan so‘ng mazkur hujjatlar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoat ishlari jamg‘armasidan qo‘shimcha mablag‘lari moliyalashtirilib beriladi. Hozirgacha 226 mln so‘m to‘lab berilgan.

«Qolgan 591 mln so‘m mablag‘ 18 dekabr kuni Nukus shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan to‘liq to‘lab beriladi. Aybdor shaxslarga nisbatan intizomiy choralar ko‘riladi», — deyiladi vazirlik bayonotida.