17-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda IIV YHXBB Axborot xizmati ma’lum qilmoqda.

Qarorga muvofiq, barcha avtomototransport vositalari uchun yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanish talabi bekor qilindi.

Endilikda mazkur talab faqatgina quyidagi 6 ta holat bo‘yicha majburiy etib belgilandi:

  • transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda;
  • yo‘lovchilarni tashiyotgan avtobus va yo‘nalishli transport vositalarida;
  • bolalar guruhini tashkiliy tashishda;
  • xavfli, katta o‘lchamli va og‘ir vaznli yuklarni tashishda;
  • mexanik transport vositalarini shatakka olishda;
  • mototsikl va mopedlarda.

Xabarda mazkur talablar yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashga, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilarining hayoti va sog‘lig‘ini asrashga xizmat qilishi ta’kidlangan.