Sirdaryo viloyatida daraxtlar noqonuniy kesilgani aniqlandi, deya xabar qildi Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, 15 dekabr kuni Oqoltin tumani «S.Siddiqov» SIU hududida «Sirdaryo The capital» fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi M.S ko‘rsatmasi bilan, yollanma ishchilar tomonidan 5 dona 53 sm, 39 sm, 42 smli «Turangil», 1 dona diametri 83 smli «Qayrag‘och» hamda 1 dona diametri 21 smli «Tol» daraxtlari kesilgan.


Ma’lum qilinishicha, davlat inspektorlari tomonidan voqea joyida huquqbuzarlarga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirilib, tabiatga yetkazilgan zarar 113 mln so‘mga baholangan.


Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2019 yildagi 30 oktyabrdagi [PF-5863-son] farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrga qadar moratoriy joriy etilgan edi. Ushbu hujjat bilan moratoriy amal qilish davrida vakolatli davlat organlariga daraxt va butalar qimmatbaho navlari kesilishiga ruxsat berishi man etilgan edi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesilishiga joriy qilingan moratoriy muddatini 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritgan.