Sirdaryo viloyati Shirin shahar hokimligi farzandlarini cho‘ktirmoqchi bo‘lgan ayol videotasviriga munosabat bildirdi.

Xabar qilinishicha, Toshkent viloyati Bekobod tumanida yashaydigan ayol A.R. (1985 y.t.) turmush o‘rtog‘i E.Sh.ni boshqa bir ayol bilan telefon orqali so‘zlashayotganligidan uni rashk qiladi.

A.R. achchiq ustida Toshkent viloyati Bekobod tumanidan Sirdaryo viloyati Shirin shaharga o‘tadigan «Do‘stlik» kanali ko‘prigining Bekobod tumani qismidan farzandlarini kanalga tashlamoqchi bo‘lgan.

Shu payt u Shirin shahar Ekologiya va atrofni muhofaza qilish bo‘limi xodimlari tomonidan to‘xtatib qolinadi. Ayol ularga «Bolalar kerak emas, charchadim, tuqqanimga afsuslanaman» deb, bolalarni cho‘ktirgandan keyin o‘zini ham cho‘ktirmoqchi bo‘lganligini aytgan.

Toshkent viloyati hokimligining ma’lum qilishicha, ayol alam ustida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi xodimlariga keskin gapirgani, ammo, hech qachon o‘z farzandlarini suvga tashlash niyati bo‘lmaganini, o‘g‘lining bosh kiyimi esa behosdan suvga tushib ketgan dedi.