1 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 32,9 mlrd dollarni, xalqaro zaxiralari esa 31,9 mlrd dollarni tashkil qilmoqda, deya xabar berdi Markaziy bank.

Deyarli barcha aktivlar oltin (18,4 mlrd dollar) va chet el valyutalari (14 mlrd dollar) ko‘rinishida saqlanmoqda. Dekabr oyida oltin hajmi 0,2 mln unsiyaga ko‘paygan bo‘lsa-da, umumiy qiymat 500 mln dollarga arzonlagan.

Oltin inqiroz davrida qimmatlaydigan aktiv bo‘lib, vaksina haqidagi yangiliklardan so‘ng oltin narxi arzonlashni boshlagan.

Oltin-valyuta zaxiralari mamlakat uchun «himoya yostiqchasi» hisoblanadi. Xalqaro tashkilotlar rivojlanayotgan davlatlarga 3 oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli zaxiralarni saqlashni tavsiya qilgan.

O‘zbekistonning amaldagi zaxiralari 20 oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyida O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari ketma-ket uchinchi oy kamayishda davom etayotgani va umumiy 33,3 mlrd dollarni tashkil etgani haqida xabar bergan edik.