Janubiy Koreya barcha avtobuslari bepul Wi-Fi bilan jihozlangan dunyodagi birinchi mamlakatga aylandi, deya xabar berdi «Rossiyskaya gazeta».

Barcha shahar avtobuslarini bepul Wi-Fi bilan ta’minlash dasturi 2018 yilda yo‘lga qo‘yila boshlangan bo‘lib, 14 dekabr kuni dastur to‘liq amalga oshirildi.

Koreya Ilm-fan va texnologiya vazirligiga ko‘ra, mamlakat shaharlari bo‘ylab jami 35 mingta avtobus harakatlanadi. Shulardan 29,1 mingta avtobusni Wi-Fi bilan ta’minlashni markaziy hukumat o‘z bo‘yniga olgan, 5906 ta avtobusni esa ushbu texnologiya bilan mahalliy hokimiyatlar jihozlashgan.

Hozirgacha o‘rtacha hisobda Wi-Fi xizmatidan oyiga 1228 kishi foydalangan bo‘lib, umumiy hisobda oyiga 55,3 GB internet trafik hajmida ishlatilgan.

Yonhap agentligining ma’lum qilishicha, aholisi 51,6 millionni tashkil qiluvchi ushbu mamlakatda 2019 yil may oyidan 2020 yil oktyabrigacha avtobuslarda bepul Wi-Fi xizmatidan 420 million marotaba foydalanilgan.

Vazirlikning ta’kidlashicha, ushbu xizmat aholining ko‘plab qatlamlari uchun mobil internet narxini pasaytiradi. Uch yil davomida aholining umumiy iqtisodiy foydasi 22 mln von yoki 20 ming dollarga baholanmoqda.