15−18 dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan «O‘zbekistonning madaniy merosi — yangi Renessans poydevori» an’anaviy madaniy meros haftaligi doirasida «O‘zbekiston kinematografiyasi: o‘tmish, bugun, kelajak» nomli ijodiy kun o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

17 dekabr kuni «O‘zbekkino» MA buyurtmasiga binoan suratga olingan, O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi tomonidan Oskar-2020 mukofotiga nomzod etib ko‘rsatilgan rejissyor Yolqin To‘ychiyevning «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» badiiy filmi namoyish etiladi. Film shuningdek, «Moskva premerasi» xalqaro festivalida Gran-pri mukofotini qo‘lga kiritdi. «Oltin globus» sovrinining «Eng yaxshi xorijiy film» nominatsiyasiga da’vogarlar ro‘yxatidan joy oldi.

Filmda o‘tgan asrning boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga ko‘rsatgan ta’siri bir oila misolida ochib beriladi. Film bosh qahramoni Komil nikohidagi uch ayol bilan yashaydi va yana uylanadi. To‘rtinchi ayolning oilaga kirib kelishi bilan personajlar hayotida turli muammolar va siyosiy mojarolar tufayli Komilning oilasi parokanda bo‘lib ketadi.

Ssenariy muallifi va rejissyor: Yolqin To‘ychiyev.

Postanovkachi operator: Bahodir Yo‘ldoshev.

Postanovkachi rassom: Bektosh Rajabov.

Film direktori: Shavkat Rizayev.

Rollarda: Bahrom Matchonov, Yulduz Rajabova, Elmira Rahimjonova, Marjona O‘ljayeva, Sanobar Haqnazarova, Nodira Xojiquliyeva va boshqalar.

Bundan tashqari, 23 dekabr kuni Respublika Yoshlar ijod saroyida «O‘zbekkino» MA buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Ayub Shahobiddinovning «Rangsiz tushlar» badiiy filmining ham katta premerasi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Elatib o‘tamiz, mazkur film joriy yilning 18−22 dekabr kunlari Italiya Respublikasining Rim shahrida 18 mamlakatdan saralab olingan filmlar ishtirokidagi «Asiatica Film Festival XXI» xalqaro kinofestivali dasturidan ham o‘rin olgan.

«Rangsiz tushlar» filmida necha yillik mahkumlikdan so‘ng, ozodlikka chiqqan ayol — Kashmiraning jamiyatga moslashishidagi qiyinchiliklar hikoya qilinadi. Shuningdek, o‘tkir ijtimoiy muammolar va jamiyatning ayrim kamchiliklari namoyish etilgan.

Ssenariy muallifi: Umid Hamdamov

Operator: Azizbek Arziqulov

Rassom: Shamshod Ibrohimov,

Kompozitor: Ubaydullo Karimov.

Rollarda: Feruza Saidova, Karim Mirhodiyev, Shohida Ismoilova, Bekzod Abdumuxitov va Asal Abdullayevalar ijro qilishgan.