Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Vazirlar Mahkamasining «Davlat organlari faoliyatini yoritish uchun ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalaridan foydalanishni takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Hujjatga ko‘ra, davlat idoralari matbuot xizmatlarini bevosita birinchi rahbarga bo‘ysunadigan mustaqil bo‘limlarga aylantirish rejalashtirilgan.

Loyihaga muvofiq, 2021 yil 1 fevraldan boshlab quyidagi tartib amalga oshirilishi taklif etilgan:

  • har bir davlat idorasida jurnalistlar va blogerlar kiradigan «Media pul» tashkil etiladi;
  • jurnalistlar va blogerlarni akkreditatsiya qilish jarayoni 3 kundan oshmasligi belgilanadi;
  • kamida bitta jurnalist va/yoki bloger davlat organlari jamoatchilik kengashlari tarkibiga kiritiladi;
  • davlat idoralari o‘z faoliyati bilan bog‘liq va jamoatchilikka salbiy ta’sir ko‘rsatadigan materiallar va ma’lumotlarga bir kun ichida javob berishlari lozim bo‘ladi;
  • «Wikipedia» internet-ensiklopediyasida o‘zbek, rus va ingliz tillarida davlat organlarining sahifalari yaratiladi;
  • rahbarlar Facebook, Twitter, Instagram, Telegram ijtimoiy tarmoqlarida o‘z rasmiy sahifasini ochishi kerak bo‘ladi;
  • davlat idoralari 2021 yilning oxiriga qadar Android va IOS platformalarida mobil ilovalariga ega bo‘lishi kerak.

Shu bilan birga, AOKA davlat idoralarining ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan tegishli tanqidiy-tahliliy materiallarga o‘z vaqtida munosabat bildirib borishi, shuningdek, media-rejalarni tayyorlash va ularning ijrosi bajarilishi hisobini yuritish imkoniyatiga ega bo‘lgan maxsus axborot tahliliy elektron tizimni ishga tushirishi kerak bo‘ladi. Matbuot kotiblariga mazkur tizimdan foydalanishni o‘rgatish maqsadida qisqa muddatli seminarlarni tashkil etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, davlat idoralarining ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash natijalari bo‘yicha muntazam monitoring olib borilishi va monitoring yakunlari asosida reyting tizimida baholash ishlarini tashkil etilishi kutilmoqda.

Agentlik davlat idoralarining axborot xizmatlarini ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari bilan ishlashga o‘rgatuvchi muhim mezonlardan iborat bo‘lgan, Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan maxsus qo‘llanmani nashr ettiradi hamda qo‘llanmada ko‘rsatilgan mezonlarga davlat idoralarini amal qilish natijalarini reyting ballarini hisoblashdagi omillardan biri sifatida baholanishi belgilandi.

Loyihaga asosan, mahalliy davlat hokimiyati organlari uch oy muddatda hududlarda yoshlarning axborot makonida erkin ijodiy faoliyat olib borishlari uchun qulay shart-sharoitlarga ega «Yosh jurnalist va blogerlar klublari»ni tashkil etadi.

Loyiha muhokamasi shu yilning 29 dekabriga qadar davom etadi.