O‘monning Maskat shahrida an’anaga muvofiq, Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK)ning navbatdagi Bosh Assambleyasidan bir kun avval 74-Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

MOQ matbuot xizmati xabar berishicha, yig‘ilishda tashkilot rahbariyatining yangi tarkibi va Ijroiya qo‘mitasiga a’zolari, jumladan, Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasi rahbari Otabek Umarov OOK vitse-prezidentligiga saylandi.

OOK Konstitutsiyasida (qoidalarni qo‘llash, 71 va 76-moddalariga asosan) 5 yirik kompleks musobaqalarga mezbon mamlakat OOK vitse-prezidenti lavozimiga nomzod ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lishi qayd etilgan. O‘zbekiston 2025 yil IV yoshlar Osiyo o‘yinlarini qabul qilishi evaziga birinchi marta o‘z vakilini olimpiya harakatiga mas’ul bo‘lgan tashkilot rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatdi.

“Avvalambor, menga bildirilgan yuksak ishonch uchun barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Bunday nufuzli tashkilotda mamlakatimiz manfaatlarini himoya qilish, qit’ada olimpiya harakatini rivojlantirishga hissa qo‘shish men uchun sharaf. Toshkentda o‘tadigan 2025 yilgi yoshlar Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish yangi O‘zbekiston uchun jahon hamjamiyati oldidagi jiddiy sinovlardan biri. Muhtaram prezidentimiz va hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkil qilishga bor kuch va g‘ayratimizni ishga solamiz”, — dedi Otabek Umarov.

16-dekabr kuni Maskatda Osiyo Olimpiya kengashining Bosh Assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda Otabek Umarov rasman OOK vitse-prezidenti sifatida ishtirok etadi. Shu bilan birga, Assambleya doirasida OOK va O‘zbekiston tomoni o‘rtasida 2025 yil yoshlar Osiyo o‘yinlarini Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha shartnoma imzolash marosimi o‘tkaziladi.

Avvalroq, 9-dekabr kuni OOK vitse-prezidentligiga Otabek Umarov nomzodi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, bir ovozdan ma’qullangan edi.