AOKAda bo‘lib o‘tgan anjumanda ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Rustam Xatamov UZB, ZDF va boshqa raqamli xizmat mashinalari ham jarimaga tortilishini qayd etdi. Uning aytishicha, yo‘l qoidalarini buzgan har qanday transport vositalariga YPX xodimlari tomonidan joyida chora ko‘rilmagan taqdirda ham videofiksatorga tushgan holatlarga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.

«Bu borada birinchi navbatda aytib o‘tmoqchi edimki, YXH xodimlaridan tashqari, Toshkent va bachra hududlarda videofiksatorlar bor. Albatta yo‘l qoidalarini buzgan har qanday transport vositalariga YHX xodimlari tomonidan joyida chora ko‘rilmagan taqdirda ham videofiksatorga tushgan holatlar jarima asosida ma’muriy bayonnoma asosida rasmiylashtiriladi. Bu men ochiq aytaman, bu bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortish masalasi amalga oshiriladi», — dedi vazir o‘rinbosari.

U shuningdek, YHX xodimlari davlat idoralariga tegishli raqam ostidagi avtomashinalar haydovchilari qoida buzganida nega to‘xtatilmasligiga ham oydinlik kiritib o‘tdi.

«Ba’zi paytlarda shunaqa holatlar bo‘ladi, tezkor xodimlarimiz jinoyatchini ketidan quvlash yoki bir favquloddagi vaziyatlarda tezkorlik bilan transport vositasida harakatlanishga to‘g‘ri kelib qoladi. Ana shunday paytlarda biz radioaloqa vositalari bilan chiqib, yo‘l ochib berish choralari ko‘riladi. Lekin, men ishontirib aytamanki, vazirlik rahbariyati bu masalalarga murosasiz munosabat bo‘lib, kelajakda bunday holatlarga nisbatan o‘zimizni salbiy munosabatimizni va kerakmas paytlarda amalga oshirgan (qoida buzgan — tahr.) xodimlarga nisbatan keskin choralar ko‘rishni ta’minlaymiz», — dedi Rustam Xatamov.