14 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida So‘x voqealari yuzasidan sud jarayonida sudlanuvchilar B.Shodiyev, Yo.Jo‘rayev, Sh. Maxmadaliyev, Z.Zaylobov hamda Sh. Olimovlar so‘roq qilindi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Sud boshida advokat Burxonjon Mamajonov sud raisiga 13 nafar shaxsning xulq-atvoridan kelib chiqib ularga tayinlangan uy qamog‘i ehtiyot chorasini bekor qilish taklifini kiritdi. Advokat taklifi qanoatlantirishdan rad etildi.

Keyin sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglandi.

B.Shodiyev Chashmadagi janjalda qatnashmaganligini, 31 may kuni Chashmada yashaydigan opasining uyiga borganligini ta’kidladi.

«2018 yilda davlatdan kredit olib, qoramollar olgan edim. O‘sha yili qirg‘izlar Qayroq qishlog‘ida mollarimizni haydab olib ketishgan edi. O‘shanda qirg‘izlar bilan urishgan edik. Chashma qishlog‘ida bo‘lgan urushda ishtirok etmagan bo‘lsam, nega bu yerdaman? Haligacha tushuna olmayapman. Tushunishimcha, o‘sha Qayroqdagi janjalda haqimizni talab qilib qirg‘izlar bilan urishganimdan keyin meni ham Chashma voqeasida aloqasi bor deb o‘ylagan bo‘lsalar kerak.

B.Shodiyev tergov davomida uni qiynoqqa solishganini ta’kidlagan. «Tergov paytida boshimga qop kiygizilgan edi. Beldan pastki qismimga shunday urdilarki, natijada bir hafta yura olmay qoldim. Tergov jarayonida hech kim bilan yuzlashtirilmadim», — dedi B.Shodiyev.

Sudlanuvchi Yo.Jo‘rayev ham Chashmadagi janjalda ishtirok etmaganini, shu vaqtda onasini ko‘rish uchun kasalxonada bo‘lganini ta’kidladi.

«Kasalxonaga borsam tez yordam mashinalarida yaralanganlar olib kelinayotgan ekan. U yerda odam juda ko‘p edi. IIB xodimlari to‘planganlarni tarqatishga urinishardi. Kasalxonada ertalab soat 7 dan 7:30 largacha bo‘ldim. Onam bilan gaplashdim. Amakimning o‘g‘li Savriddin Jo‘rayevni IIB xodimlari urib jag‘ini sindirishgan ekan. Kasalxonada amakivachchamni ham ko‘rib qoldim. Menga nisbatan kasalxonadagi ommaviy tartibsizliklarda qatnashganlikda ayblov ilgari surishyapti. Lekin men unda ishtirok etmaganman», — dedi Yo.Jo‘rayev.

Sh. Maxmadaliyev uni IIB binosiga tosh otganlikda ayblashayotganligini, IIBda otasi ishlagani va otasi ishlagan joyga tosh otmasligini ta’kidlagan. U ham tergov davomida qiynoqqa solinganini ta’kidlagan.

«Uyimdan soat 11 larda IIB bo‘limiga olib ketishdi. O‘sha kuni 23 largacha IIB binosida o‘tirdim. Tergov xonasida meni urishdi», — dedi Sh. Maxmadaliyev o‘z ko‘rsatmasida.

Sudlanuvchi Z.Zaylobov ham janjalda qatnashmaganligini, prokuraturada niqob taqqan shaxslar uning oyog‘iga urganini ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 31 may kuni telefoniga pul qo‘yish uchun markazga borib, uyiga qaytgan.

«Oradan bir qancha vaqt o‘tib, telefon sotib olish maqsadida markazga bordim. IIB xodimlari ertalab soat 8 larda markazdan ushlab ketishdi. IIB binosida soat 17 gacha ushlab turishdi. 17 dan keyin prokuraturaga olib ketishdi. Fuqaro kiyimidagi shaxs u yerda menga „Lavhaga tushib qolgansan“, dedi. Shundan so‘ng niqob taqqan shaxslar oyog‘imga urishdi. Umrimda birinchi marotaba IIB xodimlaridan kaltak yeyishim. Bu kaltaklar zarbidan shokka tushib qoldim. Ular urishayotganida „Nega aybsiz odamni uryapsizlar“, desam „Sen IIB binosiga tosh otgansan“, deb yana urishdi», — dedi Z.Zaylobov.

U tergov paytida 3 nafar shaxsning ism-familiyasini unga o‘qib, ularni taniyman deb qo‘l qo‘yib bersagina, uyiga qo‘yib yuborishlarini, aks holda uyiga ketmasligini aytishganini ta’kidladi. «Men qanday mazmundagi ayblovga qo‘l qo‘yayotganimni bilmaganman. Qo‘rqqanimdan qo‘l qo‘yib berganman. Tergov jarayonini videoga olishmadi. Prokuraturadan kech soat 2:30 larda uyga qaytdim», — degan Z.Zaylobov o‘z ko‘rsatmasida.

Oxirgi bo‘lib ko‘rsatma bergan sudlanuvchi Sh. Olimov tartibsizliklarda qatnashganligini ta’kidladi.

«Chashmaga yetib borsak, u yerda tumonat odam yig‘ilgan ekan. Tepalikka chiqayotganimda qonga belangan odamni olib kelishayotgan ekan. Yaralangan odamni ko‘rib qo‘rqib ketdim. O‘zimga kela olmadim ancha vaqt. Shu sabab toshbo‘ron bo‘layotgan tomonga bormadim. Birozdan keyin qirg‘izlarning biz tomonga tinmay tosh otishayotganini ko‘rdim. Men ham ularga tosh otdim. 2 soat atrofida janjalni tomosha qildik. Keyin „Viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev keldi“, degan gap eshitdim. Hokim oq kepkada ekan. Uni 50−100 metrlar chamasi uzoqlikdan ko‘rdim. Qirg‘izlar otgan toshlardan biri labimga kelib urildi. Tosh zarbidan yerga yiqildim. Zudlik bilan meni tez tibbiy bo‘limiga olib borishib labimni tikishdi. Ikkita chok tushdi».

Sh. Olimov ham tergov jarayonida kaltaklanganini, qo‘l qo‘yishi uchun qo‘rqitishganligini aytib o‘tgan.

«IIB xodimlari 12 sentyabr kuni uyga kelishgan ekan. Men o‘sha kuni ko‘chada edim. Ertalab soat 7 larda IIBga bordim. IIB binosida „31 may kuni qayerda eding“, deb yuzimga urishdi. „Nega Chashmaga borgansan“, deya yana urdilar. Shu orada meni urayotgan shaxsning sherigi „ko‘karadigan joyiga urma“, dedi. Bu orada „Viloyat hokimiga tosh otgansan“, deb yana urishdi. Ikki kishi navbat bilan kaltaklashdi. Ayblov varaqasini ko‘rsatishib, shuni ko‘chirib bersang, uyga ketasan deyishdi. Kaltak zarbidan shokka tushib qolgandim. „Qo‘l qo‘ymasang, podvalga tushasan“, deb qo‘rqitishdi», — dedi Sh. Olimov.

Kun.uz muxbirining ta’kidlashicha, Sh.Olimov ko‘rsatmalari so‘ngida prokurorning «Harbiyning qalqoniga haqiqatan ham tepganmisiz?» degan savoliga aniq javob bera olmagan.

Sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglangach, sud ishida 18 dekabrb kuniga qadar tanaffus e’lon qildi.