London, Esseks va Xartfordshirning ayrim qismlari koronavirusning «yangi varianti» aniqlanganligi sababli, 16 dekabrdan boshlab karantinning maksimal darajasiga (uchinchi darajali) o‘tkaziladi, deya xabar berdi BBC News.

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mett Xenkokning aytishicha, bu Angliyaning janubida kasallikning tezroq tarqalishi ehtimoli mavjudligi bilan bog‘liq.

Uchinchi darajadagi karantin cheklovlariga ko‘ra, barlar, pablar, kafelar va restoranlar faqat yetkazib berish rejimida ishlaydi. Teatrlar va kinoteatrlar kabi ko‘ngilochar muassasalar ham yopilib, muxlislarning stadion tadbirlariga tashrif buyurishi taqiqlanadi. Yopiq yig‘ilishlar ham taqiqlanadi. Olti kishidan ko‘p bo‘lmagan guruhlarga ochiq joylarda yig‘ilishga ruxsat beriladi.

Avvalroq bir qator Yevropa mamlakatlarida, shu jumladan, Germaniya, Turkiya, Ukraina kabi davlatlarda cheklovlar o‘rnatilayotgani haqida xabar bergan edik.