Oldinroq bosh prokurorni bir necha huquqbuzarliklarda ayblagan Buxoro shahar prokurori J.Fozilovning vajlarini sinchkovlik bilan har tomonlama va xolisona tekshirish hamda holatga baho berish maqsadida 14 dekabr kuni Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. Bu haqda O‘zA prezidentning Xalq qabulxonasiga tayanib xabar berdi.

Komissiya tarkibiga Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati, Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, shuningdek prezidentning Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasining mas’ul xodimlari kiritildi.

«Komissiya murojaatda keltirilgan qonunbuzarlik holatlarini joyiga chiqqan holda, J.Fozilovning barcha vajlarini bevosita o‘zining ishtirokida chuqur va xolisona o‘rganilishini tashkil etadi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq J.Fozilov videomurojaat bilan chiqib, bosh prokuror va uning uch xodimiga aloqadar jinoyatlarni fosh etmoqchiligini, ular Mega Bukhara savdo majmuasi (eski nomi «Krыtыy rыnok») qurilishiga bevosita aloqador ekanini ta’kidlagan edi. U bu ob’ektni amerikalik investorlar emas, balki mahalliy tadbirkorlar qurayotgani, unga ketgan xarajat 1 trln so‘mga yetishi va xalqning yonidan qoplanayotganini aytgan.

Prokuror holat bo‘yicha faktlarni faqat prezident administratsiyasi rahbari tekshirishini, boshqa idoralar aralashmasligini so‘ragan edi.