12 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasining vaqtinchalik ishonchli vakili Aleksandr Komarov Davlat Dumasi deputati Vyacheslav Nikonovning «Qozog‘iston hududi Rossiyaning katta sovg‘asi» degan so‘zlari sababli Qozog‘iston TIVga chaqirildi.

Rossiyalik diplomat Qozog‘iston TIV pozitsiyasi bilan nota oldi, deyiladi vazirlik bayonotida. Vazirlikning ta’kidlashicha, «ayrim rossiyalik siyosatchilarning Qozog‘istonga nisbatan oshib boryotgan provokatsion hujumlari ittifoqchilik munosabatlariga jiddiy zarar yetkazmoqda».

Vyacheslav Nikonov 10 dekabr kuni «Pervыy kanal»da «Katta o‘yin» dasturi efirida ushbu so‘zlarni aytgan edi.

«Qozog‘iston shunchaki mavjud bo‘lmagan. Shimoliy Qozog‘istonda umuman aholi yo‘q edi. Ular faqat janubda bo‘lgan. Aslida, Qozog‘iston hududi Rossiya va Sovet Ittifoqining sovg‘asidir «, — dedi rossiyalik deputat.

Keyinchalik, RIA Novosti xabariga ko‘ra, Vyacheslav Nikonov Qozog‘iston hududi haqidagi so‘zlari Qozog‘iston SSR chegaralarini belgilashda mamlakat manfaatlari to‘liq hurmat qilinganligini anglatishini tushuntirdi.