Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida sudyalar faoliyatiga asossiz aralashuv bo‘yicha so‘nggi vaqtlarda kuzatilgan uchta holat to‘g‘risida ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, hozirda bitta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda. Yana bir holatda esa Qashqadaryo viloyatidagi tumanlarning birida hokim sudya faoliyatiga aralashgani uchun vazifasidan ozod etilgan.

“Gazeta.uz” mazkur holat tafsilotlarini batafsil o‘rganib, Sudyalar oliy kengashi raisi ta’kidlagan holat Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani hokimi Boboqulov Sa’dulla Abdullayevichga aloqadorligini aniqladi. “Gazeta.uz"ning viloyat ma’muriyatidagi manbasi ham u aynan ushbu voqea sabab ishdan bo‘shatilganini tasdiqladi.

Shuningdek, Sa’dulla Boboqulov ishi bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan va natijasi bo‘yicha Sudyalar oliy kengashi xulosa bergan bo‘lib, “Gazeta.uz” ixtiyorida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi raisi O.Meliyevning bildirgisi nusxasi mavjud.

O‘z navbatida, 10-aprel kuni Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati mazkur ma’lumotni inkor etib, Sa’dulla Boboqulov tuman sudi raisi va sudyalariga bosim o‘tkazgani uchun emas, balki sog‘lig‘i yomonlashgani sabab ishdan olinganini хаbар qildi. Hozirda Sa’dulla Boboqulov Qashqadaryo viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritmoqda.

Voqea tafsilotlari

2019-yil 23-oktabr. Fuqaro N.Tursunov javobgarlar G‘uzor tuman hokimligi va “G‘uzor dehqon (oziq-ovqat) bozori” MCHJga nisbatan “ishga tiklash va ish haqi undirish haqida"gi da’vo arizasi bilan FIB G‘uzor tumanlararo sudiga murojaat qilgan. Ishni sudya D.Shamsiyeva ko‘rib chiqqan.

Arizada G‘uzor tuman hokimi S.Boboqulov N.Tursunovni bozor raisligidan g‘ayriqonuniy ravishda bo‘shatgani, uning o‘rniga esa o‘ziga yaqin bo‘lgan S.Usmonovni tayinlagani keltirilgan. Shu sababli jamiyatning tegishli qarorini g‘ayriqonuniy deb topish va bekor qilish, o‘zini ishga tiklash hamda 100 mln so‘m ma’naviy zararni undirib berishni so‘ragan. Sud jamiyatining tegishli qarorini g‘ayriqonuniy deb topib, da’vogarni bozor raisi lavozimiga tiklagan.

2019-yil 5-dekabr. G‘uzor tuman hokimi S.Boboqulov ushbu qarorga nisbatan apellyatsiya shikoyati kiritgan. 25-dekabrda esa hokim FIB Qashqadaryo viloyat sudi apellyatsiya instansiyasiga murojaat qilib, apellyatsiyadan voz kechgan. 2020-yil 10-yanvarda viloyat sudi ajrimi bilan apellyatsiya ish yuritishdan tugatilgan.

2020-yil 14-yanvar. Hokim S.Boboqulov qonunga zid ravishda “G‘uzor dehqon (oziq-ovqat) bozori” MCHJning navbatdan tashqari yig‘ilishini o‘tkazgan. N.Tursunovni yana ishdan bo‘shatib, uning o‘rniga ikkinchi marta S.Usmonovni tayinlagan.

2020-yil 21-yanvar. Da’vogarlar Ya.Meyliyev, N.Tursunov va boshqalar sudga yana murojaat qilgan. Bu safar ish elektron taqsimot orqali tumanlararo sud raisi Sattor Aqanovning qo‘liga tushgan.

2020-yil 17-fevral. Javobgar S.Usmonov Xalq deputatlari G‘uzor kengashining deputati, doimiy komissiya raisi O.Ismatov imzolangan xatda bozorning sobiq raisi N.Tursunov bozordan tushgan yig‘imlarni davlat byudjetiga to‘liq topshirmagani, yangi rais S.Usmonov ish boshlagandan buyon tushumlarning ko‘paygani, qolaversa, davlat byudjetiga yetkazilgan zarar miqdorlari va audit tekshiruvida aniqlangan kamchiliklarni, bozorning 28 foizlik ulushi qonunchilikka zid ravishda amalga oshirilgani sababli ulushni davlatga qaytarish masalasini ishga qo‘shib, ko‘rish so‘ralgan. Bundan tashqari, tuman Kengashining 30 nafar deputati ham sudga iltimosnoma kiritgan. Sud esa barcha iltimosnomani rad etgan.

2020-yil 25-fevral. Hokim S.Boboqulov ishni to‘xtatib turish haqida sudga iltimosnoma kiritadi. Iltimosnoma rad etilib, da’vo talabi qisman qanoatlantirilgan. Majlis yakunida javobgar S.Usmonov sud zalida janjal ko‘tarib, Sattor Aqanovga “Ishni noqonuniy ko‘rdingiz, ustingizdan shikoyat qilib, prezidentga qadar boraman” degan. Bu bo‘yicha dalolatnoma tuzilgan.

2020-yil 25-fevral. Sud da’voni qisman qanoatlantiradi, Ya.Meyliyev, N.Tursunov va boshqalar ishga tiklanadi. Jamiyatdan N.Tursunov foydasiga 1,5 mln so‘m ish haqi, 500 ming so‘m ma’naviy zarar hamda davlat foydasiga 1,1 mln so‘m davlat boji undiriladi.

2020-yil 26-fevral. G‘uzor tuman hokimi S.Boboqulov S.Aqanovga qo‘ng‘iroq qilgan va suhbat yozib olingan. Mazkur suhbat 12-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborilgan.

Tuman hokimi va sud raisi o‘rtasidagi suhbat:

Boboqulov: Tuman kengashi raisi Boboqulovman, tuman hokimiman, assalomu alaykum.

Aqanov: Ha, sog‘liqlaringiz yaxshimi, tinchmi?

Boboqulov: Tanishtirdiku sizga hozir, tuman hokimi so‘rayapti dedi, yaxshimisiz?

Aqanov: Nima bo‘pti? Yaxshi rahmat, xudoga shukur. Protsessdaman.

Boboqulov: Yoshingiz kichkina, salom bersangiz bo‘ladiku.

Aqanov: Protsessdaman. Xo‘p, nima gap? Sud protsessidaman. Nimaga telefon qilayapsiz?

Boboqulov: Nimaga telefon qilayapsiz, deysizmi?

Aqanov: Protsessdaman, xo‘p.

Boboqulov: Hozir vaqtingiz yo‘qmi gaplashgani?

Aqanov: Protsessdaman, ish ko‘rayapman, hokim bobo.

Boboqulov: Qachon vaqtingiz bo‘ladi?

Aqanov: Marhamat, qabulga kelavering, obedgacha ish ko‘raman.

Boboqulov: Qabulga men bormayman, siz kelasiz qabulimga.

Aqanov: Bormayman, kechirib qo‘yasiz, sizning qabulingizga.

Boboqulov: Bo‘pti, mayli.

Hokim Aqanovga Xalq deputatlari tuman kengashiga axborot berish uchun chaqirish maqsadida telefon qilganini aytgan. “Muloqotda, FIB G‘uzor tumanlararo sudi raisi axboroti haqida suhbatlashilmagan. 26-fevral kuni hokim yoki uning yordamchisi G‘uzor tumanidagi qolgan sud raislariga axborot berish yuzasidan telefon qilmagan”, — deyiladi xizmat tekshiruvi xulosasida.

Bundan tashqari, hokimiyat rahbariyati hamda tuman deputatlari (G‘.Barakov, Sh. Usmonov, S.Gaybullayev va Q.Jumayeva) tomonidan S.Aqanov tuman hokimiga hurmatsizlik qilgani va odob-ahloq doirasidan chiqib muomalada bo‘lgani haqida dalolatnoma tuzilgan. Shu kuniyoq hokimiyat Sudyalar oliy kengashiga mazkur holatni o‘rganib chiqib, chora ko‘rishni so‘rab, xat yuborgan.

2020-yil 4-mart. Hokimning 24-fevraldagi qaroriga asosan Xalq deputatlari G‘uzor tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi chaqirilgan. Kun tartibiga sudlar raislari axboroti kiritilgan. Yig‘ilishda hokim tumanga mehmon kelganini aytib, kun tartibi ketma-ketligiga amal qilmasdan, birinchi bo‘lib axborot berish uchun so‘zni S.Aqanovga bergan. Deputat S.Usmonov (u bozorga oid sud ishida javobgar bo‘lgan) sud raisi S.Aqanovga (yuqoridagi sud ishini ko‘rib chiqqan) iltimosnoma rad etilgani va da’vo arizasi qanoatlantirilgani sababi haqidagi savol bilan murojaat qilgan.

2020-yil 14-mart. Hokim S.Boboqulov N.Abdullayev (JIB G‘uzor tuman sudi raisi), B.Axmedov (G‘uzor tuman ma’muriy sudi raisi), N.Xo‘jaqulov (G‘uzor tumanlararo iqtisodiy sudi raisi v.b) hamda D.Shamsiyeva (FIB G‘uzor tuman sudi sudyasi) bilan uchrashgan. Muloqot chog‘ida hokim sud hokimiyati uni himoya qilmayotganidan norozi ekanini, to‘rtta sud raislari hokimiyat bilan hamkorlik qilishlari, shanba va yakshanba kunlari doim yonida turishlari lozimligi, sud raisi S.Aqanov bilan telefon orqali suhbat jarayonini yuqori turuvchi sudyalar bilan maslahatlashib amalga oshirganini aytgan.

2020-yil 14-mart. C.Boboqulov sud raisi bilan telefondagi muloqoti yuzasidan Daryo.uz`ga izoh bergan va “Hokimlar qarg‘aga o‘xshab qoldik, kim ko‘rsa haydayapti” deya ta’kidlagan. Qo‘shimcha tariqasida 10−12 kun o‘tsa ham Kengash munosabat bildirmaganini aytgan.

2020-yil 16-mart. Sudyalar oliy kengashi hokim yolg‘on gapirayotganini ma’lum qilgan. “Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, G‘uzor tuman hokimi Sa’dulla Boboqulov nomidan yuqoridagi holat yuzasidan Sudyalar oliy kengashiga xat kelib tushmaganligi aniqlandi”, — deyilgan xabarda. Bundan tashqari, telefondagi muloqot, hokimning vajlari hamda uning sud ishlariga aralashuvi va sudyaga nisbatan bosim o‘tkazishi yuzasidan tekshiruv boshlangani ma’lum qilingan.

Hokim Sa’dulla Boboqulov bilan bog‘liq boshqa ish

“Bozorga taalluqli ish tuman ma’muriy sudida ham ko‘rilgan. Ariza qanoatlantirilgandan keyin hokim S.Boboqulov tomonidan sud raisi B.Axmedovning xatti-harakatlari ustidan Qashqadaryo viloyat sudiga xat qilish orqali unga bosim o‘tkazishga harakat qilgan”, — deyiladi bildirgida.

2019-yil 15-iyul. Hokim Qashqadaryo viloyat suv omborlari boshlig‘i X.Parmanovga telefon qilgan. Ular o‘zaro tortishib qolishgan va hokim o‘zaro suhbatni yozdirib olib, Parmanovga nisbatan ma’muriy material qildirgan. Ishni G‘uzor tumani ma’muriy sudi ko‘rib chiqqan.

2019-yil 5-avgust. Sud qaroriga ko‘ra, X.Parmanovga MJtKning 41-moddasi bilan 33-moddasini qo‘llagan holda 405 ming so‘m jarima tayinlangan.

Xizmat tekshiruvi hulosasi:

Yuqoridagi holat ham inobatga olinib, S.Aqanov va S.Boboqulov o‘rtasidagi suhbat hokim tomonidan atayin qilingan deb hisoblashga asos bo‘ladi. Shuningdek, hokim bozor ishi bo‘yicha sud raisi S.Aqanovga turli yo‘llar bilan bosim o‘tkazishga harakat qilganidan dalolat beradi.

S.Aqanov va S.Boboqulov o‘rtasidagi 26-fevraldagi muloqotda sud raisi hokimga nisbatan odob-ahloq normalarini buzmagan hamda qo‘pollik qilish holati o‘z tasdig‘ini topmadi.

S.Aqanov “Sudyalarning odob-ahloq kodeksi” talablari doirasida o‘z vakolatlarini amalga oshirishda unga ta’sir o‘tkazilgani to‘g‘risida xulosa chiqarishga yo‘l qo‘yadigan hamda sudyaning mustaqilligi va xolisligiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan harakatlarni hokim S.Boboqulov tomonidan sodir etilishi uchun imkon yaratib bermagan.

Bozorga oid ish bo‘yicha hokim sud raisi S.Aqanov yoniga xodimlarini (Sh.Absalomov va B.Ne'matov) yuborib, tuman hokimligi foydasiga qaror chiqarishni talab qilgani holatini xizmat tekshiruvi o‘tkazish yo‘li bilan aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

Biroq G‘uzor tuman hokimi S.Boboqulovning sud ish faoliyatiga aralashib kelayotgani holati — bozor ishi bo‘yicha hokimlik foydasiga qaror qabul qilinmagani sababli sud raisi S.Aqanovga nisbatan bosim o‘tkazgani qisman o‘z tasdig‘ini topgan hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida, “Sudlar to‘g‘risida"gi Qonunning 4-moddasi ga asosan sudyalar mustaqil va faqat qonunga bo‘ysunadi. Ularning faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekistonda sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. Jinoyat kodeksining 236-moddasi ga muvofiq, tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish uch yilgacha axloq tuzatish ishlaridan tortib, muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil noyabr oyida G‘uzor tumani sobiq hokimi S.Boboqulovga faoliyatidagi ayrim kamchiliklari uchun Mehnat kodeksining tegishli moddalariga asosan, xayfsan berilgan edi. O‘sha yili dekabr oyida hokimiyat elektr energiya tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangani va natijada 55,8 mln so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.