Toshkent shahar IIBB bayonotiga ko‘ra, 13 dekabr kuni 15:00larda Yunusobod tumani IIO FMB inspektorlari «Universam» savdo kompleksi yaqinidagi yer osti yo‘lagida noqonuniy savdo bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan chora ko‘rish haqidagi ko‘plab murojaatlardan so‘ng voqea joyiga yetib kelgan.

Savdo mollarini terib qo‘ygan oila (erkak, ayol va ularning o‘g‘li) xodimlarning yo‘lakni bo‘shatish to‘g‘risida ogohlantirishiga rad javobini bergan va belgilangan javobgarlik haqidagi ogohlantirishlarga ayol va erkak qo‘pol tarzda javob bergan.

Bayonotda aytilishicha, ular janjal ko‘targan, o‘g‘il esa IIO xodimlari bilan mushtlashmoqchi bo‘lgan, voqea joyiga yetib kelgan patrul-post xizmati xodimini yuziga urgan.

Yer osti yo‘lagida noqonuniy savdo qiluvchi shaxslar tomonidan kelib chiqqan tartibbuzarlik va noqulayliklardan norozi bo‘lgan o‘ndan oshiq hodisa guvohlari ko‘rsatma berish maqsadida ichki ishlar bo‘limiga ixtiyoriy ravishda yetib kelishdi.

Shuningdek bayonotga asosan, internet tarmog‘ida tarqagan videoda ichki ishlar organlari xodimlarining jamoat tartibini buzishni bas qilish haqidagi talablariga bo‘ysinmasdan faol qarshilik ko‘rsatgan Abdurahim Xidirovning qo‘lga olinishi tasvirga tushgan. Yerda yotgan ayol — 42 yoshli Xolisxon Turdiyeva savdo mollari sumkasining ustiga yotib, xodimlar uni ichki ishlar bo‘limiga olib ketishiga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.

Xodimlar uning qo‘llariga kishan taqib, uch nafar fuqaroni shaxsini aniqlash va keyingi surishtiruvlar uchun IIBga olib ketgan.

Hodisa yuzasidan tergov oldi tekshiruvi o‘tkazilmoqda.