Vazirlar Mahkamasining «Shaxslar o‘rtasida muloqot vositasi sifatida ishlatiladigan imo-ishora tilini yanada rivojlantirish to‘g‘risida"gi qarori loyixasi muhokamaga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘rta maktablarda imo-ishora tili va brayl yozuvini o‘qitish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Loyihaga muvofiq, o‘zbek imo-ishora tili huquqiy maqomga ega bo‘lishi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha tashkilotlarda, muassasalarda va korxonalarda o‘zbek imo-ishora tilini aloqa tili sifatida ishlatish uchun shart-sharoitlar yaratiladi.

Avvalroq Gazeta.uz kolumnistlari Dilmurod Yusupov va Ma’mur Axliddinov «O‘zbek imo-ishoralar tili paydo bo‘ladi (mi)?» maqolasida «bizning mamlakatimizda bu faqat kar va eshitish qobiliyati past odamlar o‘rtasidagi kundalik aloqa vositasi bo‘lib qolmoqda, axborot va sifatli ma’lumot olish uchun to‘liq til emas» deb yozgan edi.

Mualliflar, shuningdek, O‘zbekistonda malakali surdo tarjimonlarning keskin yetishmovchiligi mavjudligini ta’kidladilar: har 1000 kar odamga atigi 2 ga yaqin surdo tarjimon to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, imo-ishora tili xizmatlarining minimal soatlari qonuniy ravishda tasdiqlanmagan va nogironlarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatiga kiritilmagan.

Muhokama uchun joylashtirilgan loyiha Xalq ta’limi vazirligi tomonidan «Nogironlarning huquqlari to‘g‘risida» gi qonun va prezidentning «Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori ijrosi doirasida ishlab chiqilgan, deya ta’kidlab o‘tilgan.