Toshkent shahridagi 11 ta Davlat xizmatlari markazlari xodimlari qariyb 10 oy davomida yarim stavka shartnoma bilan to‘liq ish kuni, haftada 5 kun ish rejimi asosida faoliyat yuritgan. Bu haqda “Gazeta.uz"ga bir necha marotaba murojaat qilingan.

Murojaatga ko‘ra, 2019-yil yakunida DXM Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i (o‘sha vaqtda — Xusen Ochilov) yig‘ilish o‘tkazib, “ish o‘rinlarini qisqartirish” bo‘yicha og‘zaki buyruq borligi va bir necha oy davomida shtatlar ikki baravarga qisqarishini ta’kidlagan. O‘z navbatida, xodimlar markazlardagi ish bosimi ko‘pligi, hamma-ham oilasini boqishi kerakligini aytib, ixtiyoriy ravishda yarim stavkaga o‘tish taklifini berishgan.

Xodimlarni yarim stavkaga o‘tkazish bo‘yicha ularning arizasi olingach, fevral oyidan shu tartibda ish davom ettirilgan. O‘zini markazlarning birida ishlashini aytgan shaxs oktabr kelganiga qaramasdan hanuz biror chora ko‘rilmaganini ma’lum qildi.

“Gazeta.uz” muxbiri mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida bir necha marotaba DXA Toshent shahar boshqarmasi matbuot xizmati bilan bog‘langan. Ular esa o‘z navbatida yaqin 10 kun ichida (13-oktabr holatiga) to‘liq shtatga o‘tkazilish choralari ko‘rilayotganini aytishgan. Natijasi haqida ma’lum qilinishi qayd etilgan.

“Gazeta.uz” muxbiri bu bo‘yicha hech qanday xabar berilmagach, 11-dekabr kuni Xalqaro press klub sessiyasidan so‘ng, Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Abdullayevga (lavozimga tayinlangani haqida 13-fevral kuni xabar berilgan) yuzlandi. U rostdan ham xodimlar yarim stavka ishlagani, lekin ularga pullik xizmat ko‘rsatgani uchun qo‘shimcha haq to‘langanini ma’lum qildi.

DXA Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Abdullayev.

“To‘g‘ri, to‘liq stavkada emas. Bizda, ixtiyoriy pullik xizmat deyiladi. Ya’ni, u olayotgan oylik maoshdan tashqari ishlasa yana qo‘shimcha ravishda pullik xizmat qo‘shib beriladi. Oyligi agar 3−4,5 mln bo‘lsa, ko‘proq ishlab xizmat ko‘rsatadigan bo‘lsa, ixtiyoriy pullik xizmat beramiz. Sababi biz byudjetdan moliyalashtirilmaymiz. O‘zimizni-o‘zimiz boquvchimiz, shuni hisobiga. Endi, to‘g‘ri shtat masalasida 2017-yilda 104 ta edi. Hozir xizmat soni oshgani, talab kuchaygani, fuqarolar oqimi ko‘paygan. Biz majbur bo‘lganmiz yarim stavkaga, lekin agar tushlikdan keyin ko‘proq ishlaydigan bo‘lsa, unga pullik xizmat to‘langan. Hozirgi kunda yarim stavkada ishlaydigan hodimlar yo‘q, bartaraf etilgan. Yangi shtat berildi. Lekin yarim stavka degani u majburiy emas, ishlaganiga albatta haq to‘langan. Qonunga zid ravishda mehnat olib bormagan”, — dedi Abdullayev.

“Gazeta.uz” muxbirining xodimlar nima sababdan va aynan qachondan yarim stavkaga o‘tkazilgani, qolaversa, to‘liq shtatga qaytarish to‘g‘risida qaysi sanada buyruq chiqqaniga oid savoliga aniq javob berilmadi. Boshqarma boshlig‘i Sanjar Abdullayev faqat 2020-yilda barcha xodim to‘liq bir stavkaga o‘tganini ta’kidlagan.

Shundan so‘ng, “Gazeta.uz” murojaatchilarning biri bilan bog‘landi. Uning aytishicha, noyabr oyining so‘nggi haftasida xodimlardan to‘liq stavkaga o‘tkazish bo‘yicha ariza olingan va DXA Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘i chiqarilgan.

Mazkur holat bo‘yicha qonun buzilish holatlari mavjud yoki yo‘qligini o‘rganish maqsadida “Gazeta.uz” Hisob palatasi, Adliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Davlat xizmatlari agentligiga so‘rov yubordi.