Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahrida Xorazm viloyati faollari va tarmoqlar mutasaddilari ishtirokidagi yig‘ilishda har bir hokim, iqtisodiy kompleks rahbarlari hududdagi muammolar bo‘yicha tizimli ishlashi kerakligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish avvalida xorazmlik dehqon va fermerlarni, butun mehnatkash xalqimizni bugungi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan tabrikladi.

Davlat rahbari «mahalla raisi — islohotchi» tamoyili asosida ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini ta’kidladi.

«Prezident bir yilda bir kelib, ko‘rib ketgani bilan natija bo‘lib qolmaydi. Har bir hokim, iqtisodiy kompleks rahbarlari hududdagi muammolar bo‘yicha tizimli ishlashi kerak. Chetdan kelib birov qilib bermaydi. Mana, kecha Xorazmdagi shahar va tuman hokimlari bilan gaplashdim. Qancha mablag‘ so‘rasa, berdim. Pulimiz ko‘pligi uchun emas, masala qo‘ya olgani uchun. Odamlar ham befarq bo‘lmasligi kerak. Mahalliy kengashlar, mahallalar talab qilishi lozim», - dedi prezident.

Yig‘ilishda viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va xizmatlarni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, kam ta’minlanganlarni kambag‘allikdan chiqarish, mahallalardagi ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilandi.