AQSH Oziq-ovqat va dori-darmon ma’muriyati (FDA) Pfizer-BionTech vaksinasini favqulodda qo‘llashga ruxsat berdi. Vaksinalar bilan 16 va undan katta yoshdagilar emlanishi mumkin.

Administratsiya shu yilning oxiriga qadar 20 millionga yaqin tibbiyot xodimlari va qariyalar uylarida yashovchilar va ishlovchilarni koronavirusga qarshi emlashga erishmoqchi. Pfizer kompaniyasining AQSH hukumati bilan kelishuviga ko‘ra, mamlakatga mart oyigacha 100 million dona vaksina yetkazib beriladi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, vaksinalar bepul tarqatilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, AQSH tez orada Moderna vaksinasini qo‘llashga ham ruxsat berishi mumkin, oldinroq hukumat ushbu vaksinaga ham 100 million doza buyurtma bergani ma’lum bo‘lgandi.

Prezident Tramp FDA ma’muriyatini juda sekin ishlayotganlikda ayblagan edi. Oq uy koronavirusga qarshi vaksinani ishlatishga tezroq ruxsat berishga chaqirgan, aks holda agentlik rahbari ishdan haydalishi haqida ogohlantirgan edi.

Ma’lumot uchun, oldinroq Buyuk Britaniya Pfizer vaksinasini qo‘llashga ruxsat bergani haqida xabar bergan edik.