Toshkentdagi yer usti jamoat transporti to‘xtash joylarining yagona tashqi ko‘rinish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda, deya ma’lum qildi poytaxt transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Avtobus bekatlarini namunaviy loyiha asosida tashkil etish masalasi Toshkent shahar hokimi qarori loyihasida ko‘zda tutilgan edi, deyiladi Transport boshqarmasi press-relizida. Hujjat muhokamasi o‘tgan yili yakunlangan, ammo hozirga qadar u qabul qilinmagan.


Foto: Transport boshqarmasi.

Transport boshqarmasidan «Gazeta.uz»ga ma’lum qilinishicha, tajriba loyihasi doirasida Parkent va Maxtamquli ko‘chalari kesishmasidagi «Mexanika zavodi» avtobus bekatida hamda Ahmad Donish ko‘chasi bilan Amir Temur shoh ko‘chasi «Yunusobod bozori» to‘xtash joyida yangi ko‘rinishdagi konstruksiyalar o‘rnatildi.

Ularda bekat dizayni bilan bir qatorda, bankomatlar, savdo avtomatlari, bepul wi-fi, avtobus marshrutlari jadvali va kelish vaqti ko‘rsatilgan elektron doska, shuningdek, kuzatuv kameralari, chiqindi qutilari va mobil qurilmalar uchun quvvat manbalari bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, bekatlarda nogironlar uchun panduslar o‘rnatilishi ham ko‘zda tutilgan.


Avtobus bekati dizayni, Toshkent transport boshqarmasi taqdimotidan.

Bugungi kunda poytaxtda 2176 ta avtobus bekati mavjud, deb ta’kidladi Anvar Jo‘rayev. Ularning 400 dan ortig‘ida umuman konstruksiyalar mavjud emas.

Transport bo‘limi boshlig‘i mavjud to‘xtash joylarining asosiy muammolarini sanab o‘tdi. Ularning aksariyati do‘konlarga aylangan, dedi u. Yo‘lovchilar uchun noqulaylik shundaki, do‘konlar ishlay boshlagandagina bekatlar ochiladi. Avtobus bekatlaridagi do‘konlar yopilsa, xususiy avtoulov haydovchilari to‘xtash joylarini egallab olmaydilar, jamoat transporti yo‘llari ham bo‘shaydi, dedi Anvar Jo‘rayev.