12 dekabr kuni Yunusobod tumanida shaxsi noma’lum yoshi taxminan 35−40 lardagi osiyo millatiga mansub ayol kishining murdasi qotillik alomatlari bilan topildi. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu haqdagi xabarga munosabat bildirdi.

Hodisa tumanning Hisor ko‘chasida sodir etilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda faqatgina odamlarning gavjum bo‘lib turgani aks etgan bo‘lib, izohda «Shahriston» bekatida odam o‘ldirib ketilgani aytilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyatni fosh etishga qaratilgan tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.