Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi «Yantex Invest» MCHJ faoliyati bilan ham tanishdi. Prezident matbuot xizmati ma’lum qilishicha, shu yerda mahallabay ishlash bo‘yicha yangi tizimni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilingan. Unga ko‘ra, tumanlardagi iqtisodiy kompleks xodimlari har bir mahallaga biriktirilib, o‘z sohasiga doir masalalarni hal qilib boradi.

«Mahalla raislarini saylaymiz, ulardan ko‘p narsani talab qilamiz. Lekin buning uchun mahalliy rahbarlar nima qilyapti, degan savolga aniq javob yo‘q. Endi davlat idoralari xodimlarining moddiy manfaatdorligi odamlarning roziligidan kelib chiqib belgilanadigan tizim qilamiz», — dedi prezident.

«Soliq, moliya, bandlik, investitsiya, tadbirkorlik va boshqa masalalarga mas’ul rahbarlar mahallalarda ishlaydi. Mahalla raislari o‘z hududidagi muammolar bo‘yicha ularga talab qo‘yadi. Islohotlarni eng quyi tizimda bajarishning asosi shu. Buni odamlar his qilishi kerak», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Mutasaddilarga ushbu tizimni hayotga tatbiq etish, Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan mahalla raislarini shu bo‘yicha o‘qitish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Ushbu korxona faoliyatiga to‘xtalsak, mazkur inshoot uzoq yillar qarovsiz yotgan. Asakabank tomonidan 16 mln dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirilib, bino zamonaviy qilib tiklandi, Xitoy, Janubiy Koreya va Italiyadan uskunalar keltirib o‘rnatildi. Bugun bu yerda gazlama mato va choyshab ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 200 dan ortiq ish o‘rni ochilgan.


Korxona yiliga 12 mln pogono metr gazlama mato va 600 ming komplekt choyshab ishlab chiqarish, 6 mln dollarlik mahsulot eksport qilish salohiyatiga ega.

Endi ip-gazlama to‘qish hajmini oshirish hamda Urganch shahrida matoga rang beruvchi korxona ochish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Shu tariqa, ikkinchi bosqichda matoni bo‘yash, uni qadoqlash, Rossiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilishga erishiladi.