Bloger Nozim Safarov telegram kanalida o‘zini Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilov deya tanishtirgan shaxsga tegishli uch qismdan iborat video murojaatni e’lon qildi.

Videoda prokuror hozirda unga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani va aniqlangan barcha qonunbuzilishlar bo‘yicha javob berishini aytgan. Shuningdek, u bosh prokuror va uning uch xodimiga aloqadar jinoyatlarni fosh etmoqchiligini, ular Mega Bukhara savdo majmuasi (eski nomi «Krыtыy rыnok») qurilishiga bevosita aloqador ekanini ta’kidlagan. U bu ob’ektni amerikalik investorlar emas, balki mahalliy tadbirkorlar qurayotgani, unga ketgan harajat 1 trln so‘mga yetishi va xalqning yonidan qoplanayotganini aytgan.

Prokuror holat bo‘yicha faktlarni faqat prezident administratsiyasi rahbari tekshirishini, boshqa idoralar aralashmasligini so‘ragan. Uning aytishicha, Bosh prokuratura rahbariyati unga: «qo‘llab-quvvatlovchilaring ketdi, endi nima qila olasan», deb aytgan. Buxoro prokurori O‘ktam Isayevich (bosh vazirning sobiq o‘rinbosari) va Karim Jamolovichni (Buxoro viloyati sobiq hokimi) esga olib, ular tirik bo‘lganida, bosh prokuror viloyatga yaqinlasha olmasligini ta’kidlagan.

Bosh prokuratura mazkur holat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi. Unda Bosh prokuratura tomonidan Buxoro shahridagi tadbirkorning Buxoro shahar prokurori J.Fozilovning noqonuniy xatti-harakatlari haqidagi arizasi tekshirilayotgani aytilgan.

Tadbirkor arizasida shahar prokurorining tazyiqi bilan Buxoro shahrida qurgan yirik savdo majmuasidan 1 metr kv.ni haqiqiy narxi 20 mln so‘m bo‘lgan savdo do‘konini unga 5 mln so‘mdan sotgani keltirilgan. Prokuror oradan bir yil o‘tib, shu yilning oktyabrida o‘sha narxdan yana bitta do‘konni sotishini talab qilgani va rad javobini olgach, tadbirkorni tergovga chaqirib, javobgar qilish bilan qo‘rqitgani aytilmoqda.

«Ushbu holat bo‘yicha J.Fozilovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, tekshiruvning xolisona va adolatli o‘tkazilishini ta’minlash, ish holatlariga to‘liq oydinlik kiritish, har qanday aralashuv va ta’sirlarning oldini olish maqsadida u 2020 yil 2 dekabr kuni xizmat vazifalarini bajarishdan vaqtincha ozod qilingan. Tekshirish davomida arizada keltirilgan barcha vajlar, shu jumladan, J.Fozilovning 2020 yil 11 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida bildirgan holatlarga to‘liq va haqqoniy baho beriladi», — deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Qolaversa, Bosh prokuratura murojaat va bayonotda bildirilgan barcha masalalar bo‘yicha shaffof va oshkora o‘rganish o‘tkazishi, bunda jamoatchilik nazoratini ta’minlash uchun doimiy hamkorlikka tayyorligini ma’lum qilgan.

Prokuror Jasur Fozilov bir soatdan oshiqroq video davomida barchasi nimadan boshlangani, xizmat tekshiruvi nima sababdan o‘tkazilayotgani va bosh prokuror aloqadorligi aytilayotgan jinoiy ishlar haqida batafsil so‘zlab bergan.

«Shahar prokuraturasi ish yurituvida pullarni naqdlashtirish bilan shug‘ullanuvchi firmalarga nisbatan jinoyat ishi tergov qilinishi davrida men tergovchim Sanjar O‘rinovga aytganman, 10 mlrd so‘m soliqlarni yashirgan holati bor edi. Shu bo‘yicha kim munosabat qilgan bo‘lsa, milliard so‘mdan ko‘p «oborot» qilganlarning hammasini chaqirasan. Kimlar naqdlashtirib olgan bo‘lsa, hammasini javobgarlik masalasini hal qilasan va bu firmaning haqiqiy egasini top. Shu chaqirilganlar orasida «Krыtыy bozor»ni [sobiq «Dilkusho» bozorining xalq tilidagi nomi] qurayotganlar bor», — dedi Fozilov.

Uning aytishicha qurilish kompaniyasi vakillari necha marta chaqirsa ham kelmagan. Shahar prokuroriga qo‘ng‘iroq qilib, uning o‘zi bilan uchrashish istagini bildirgan, lekin biror marta bormagan. Fozilov 10 marotaba qo‘ng‘iroq qilib uchrashishni taklif qilgani, biroq kelmagani, suhbatlarning barchasi yozib olinganini aytdi.

«Kelmaganidan keyin tergovchi majburiy keltirish to‘g‘risida qaror berayapti. IIB xodimlari majburiy keltirishga borganida sal xato qilgandir, yur olib ketaman deb. Shundan janjal boshlandi. Ular menga 20 marotaba telefon qilgan. Men olmaganman. Viloyat prokuroriga ham chiqqan. Qaytarib telefon qilib chiqsam, „sen nima qilayapsan, o‘zingdan ketib, nima haqqi bor bularni“, dedi. Pulni yoki tovarni olgan bo‘lsa, kimdan olgan, qayerdan olgan, chunki buning na omborxonasi bor, o‘zi bir soxta firmaning rahbari, hammayog‘i jinoyat bo‘lsa, biron narsani tushunmaydi. Anvar degan „katta“ menga aytayapti: „sen aralashma, nega aralashasan, bugunni o‘zida hamma videolarni olib borib, bosh prokurorga kiramiz“, dedi. Keyin viloyat prokurori menga: „nimaga shuni chaqirasizlar? Bilasizlar-ku buning orqasida kim ekanini. Senga muammo kerakmi? Bosh prokurorning odami bular, seni yo‘q qilib yuboradi-ku“, deb telefon qildi. Bo‘pti, chaqirma ularni, dedim. O‘zim ham shu kuni kechki payt telefon qildim-da, Anvar degan rahbariga bo‘ldi kelmaydi, gap bo‘lishi mumkin emas, dedim», — deya so‘zlab berdi.

Uning ta’kidlashicha, tadbirkorlar bosh prokuror bilan munosabatlari qanchalik yaxshi ekanini o‘zi ham bilishini, oldin ham bu holat bo‘lgani va yuqoridagi barcha telefon suhbatlari yozib olinganini aytdi.

Fozilov oldingi holatga to‘xtalar ekan, bosh prokuror boshchiligida o‘tkazilgan selektorda Buxoro shahriga e’tibor qilgani, «siyosiy tus» berib, 4,5 ming ishchi o‘rni yaratmoqchi bo‘lgan tadbirkorga kredit berilmagani tanqid qilganini aytdi. Ta’kidlanishicha, bosh prokuror «shahar prokurori qayerda, nimaga buning murojaatini eshitmaydi», degan. Aslida esa Fozilov tadbirkor umuman murojaat qilmaganini va selektorda bosh prokuror «men hal qilib berdim 30 mlrdni» deganini ma’lum qilmoqda.

«Mening sektorimda bu ob’ekt. Shtabga borganda Zoir bilan ko‘rishayapmiz, «sen nimaga bizga qilmasdan, generalnыy`ga boryapsizlar», dedim. U: «yo‘q, «generalnыy`ni o‘zi aytgan bizga. Shunday ariza yozinglar, men hal qilib beraman, [kredit] past foiz bilan dedi. Faqat mengamas, prezident nomiga, hammasiga yozasanlar dedi.Nig‘matilla akamiz: o‘zim hal qilib beraman dedi, biz shunga yozdik», dedi. Menda hozir o‘sha arizaning nusxasi bor», — deya bayon qildi.

Fozilovning videoda aytishicha, Zoir ikki oy o‘tgach «akam qilib berdi, uning ham o‘z hissasi bor», degan. Bir muncha vaqt o‘tgach, shtabdagi yig‘ilishda shahar prokurori Zoir va unga yaqin shaxslardan uzr so‘raganini, qo‘l ostidagi xodimlar xato qilib qo‘yganini aytgan.

Fozilov Bosh prokuraturada ishlagani va prezidentga axborot qay tarzda kiritilishini yaxshi bilishini bayon qilgan. Aytishicha, prezident administratsiyasiga «o‘z jinoyatini yashirish uchun video murojaat qilayapti», deb hisobot kiritiladi. Prokuror qilgan ishlari uchun javob berishini va aslida bosh prokuror aloqador jinoyatlarni fosh etish uchun murojaat yo‘llayotganini ta’kidlagan.

«Shuning uchun shaxsan Zaynilobiddin akaga murojaat qilayapman. Chunki bu insonga ishonaman. Zaynilobiddin aka o‘zlari kelib tekshirishlari kerak, men bosh prokuror haqida gapirayotgan bo‘lsam, boshqa odamni tekshirishga ham haqqi yo‘q», — dedi.

Fozilov ukasi va tog‘asiga savdo majmuasidan 1 metr kv.ni 5 mln so‘mdan olib bergan holatga ham tushuntirish berib o‘tgan.

«Rostdan ham bittasi 5 mln, yana boshqasi 10 mlnga olingan. Bittasini ukam, bittasini tog‘am olgan. Agar ular bo‘yicha meni aybim yoki arzon bo‘lsa to‘laydi», dedi. U, shuningdek, bosh prokuror o‘z jinoyatlarini yashirish uchun unga tazyiq qilayotgani va bunga chidab tura olmasligini aytgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mansabdorlar tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi haqida Buxoro viloyatining sobiq hokimi O‘ktam Barnoyev topshiriq bergan.

«Viloyat hokimi O‘ktam Isayevich [O‘ktam Barnoyev — 2019 yilda viloyat hokimi bo‘lgan] keldi, bozorni rekonstruksiya qilayapmiz, bitta tomonidagi devori ochiq joyni ko‘rsatib, „Karomat [Buxoro shahar IIBning sobiq boshlig‘i], Anvar, Jasur darvoza qurasan uchalang, men qo‘l qo‘yib beraman qarorga“, dedilar. „Biz qura olmaymiz, mumkin emas. Vazirlar Mahkamasining qarori bor“, dedik. „Men javob beraman, prezident kelganida men aytaman, pora olgandan ko‘ra, mansabdorlar tadbirkorlik bilan ham shug‘ullansin, o‘sha yerdan foydalansin“, dedi», — deyiladi videomurojaatda.

Shundan so‘ng, u o‘z ukasi va tog‘asini qurish ishlariga jalb qilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Fozilov sobiq «Dilkusho» bozoridagi (o‘rnida savdo majmuasi qurilgan) mingdan ortiq tadbirkorlar joyidan ajralib qolgani, ularga kompensatsiya sifatida yangi ob’ektning «S» blokidan joy berilishi aytilgani va amalda bu bajarilmaganini qayd etdi. Ma’lum qilinishicha, tadbirkorlar yangi yirik savdo majmuasidan joy olishga yana 5 mln so‘mdan to‘lov qilishga ham majbur qilingan va ularga 4−5- qavatdan joy berilgan. 1-qavatdagi do‘konlar esa qimmatroq narxda sotilgan. Fozilov ayni shu harakat orqasidan topilgan pullar naqd qilib olingani uchun tekshiruv o‘tkazishni boshlaganini va bosh prokuror bunga ruxsat bermaganini aytdi. U hozirga qadar «qurilish tugasa bo‘ladi», deb aldashgani, oqibatda baribir xalq ko‘tarilishi va noroziliklar yuzaga kelishini ma’lum qildi.

Buxoro prokurori Jasur Fozilov yuqoridagi holatlarni, bosh prokurorga oid jinoyatlar haqida so‘z borgan bir paytda, prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov shaxsan tekshirishini so‘ragan.