Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «snos"larga qarshi moratoriy e’lon qilish taklifi bilan chiqdi.

«„Snos“ masalasi yaqin yillardagi eng „boshog‘riq“ muammolardan biri bo‘lib qoladiganga o‘xshaydi», — deb yozdi u o‘z Telegram kanalida.

«Afsuski, kompensatsiyani qoplash uchun mablag‘ bor yoki yo‘q ekanligiga qaramay «ura-ura"chilik oqibatida qisqa vaqt ichida qo‘plab xususiy mulklarga zarar yetkazildi, ayrimlarda xususiy mulk daxlsizligiga bo‘lgan ishonch sindi va sinmoqda», — deya ta’kidladi deputat.

U shuningdek, yetkazilgan zararlarni qoplash ko‘pgina rejalarning to‘xtab qolishiga ham sabab bo‘lganini, bu ayniqsa, investitsiya jalb etish masalasida ham havotirli bo‘layotganini aytdi.

«Birovning peshona teri bilan qurgan joyini asossiz, roziliksiz buzishni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Bunga yo‘l qo‘yish zulm bilan barobar, zulm esa yomon», — dedi Rasul Kusherbayev.

18 dekabr kuni Toshkentda «snos» bilan bog‘liq yana bir sud ishi ko‘rib chiqiladi, deya xabar qildi u. Fuqaro S.Nogay Navoiy ko‘chasida joylashgan 125 kv.m do‘koni buzib tashlanganligi uchun Toshkent shahar hokimiyatidan 1,2 mlrd so‘m zarar undirishni so‘ramoqda.

«Bunday ishlarni ko‘rib chiqish osonmas. Ayniqsa, haligacha ijro hokimiyati tizimida har qanday hokimiyatga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlari saqlanib qolayotgan bir paytda, katta miqdordagi mablag‘ni fuqaroga undirib berish masalasini hal etish sud’yadan ham professional bilim, malaka va jur’at talab qiladi», — ta’kidladi u.

«Shu bilan birga investitsiya jalb etishda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash eng muhim talab ekanligi va asosiy ish o‘rni yaratuvchi, soliq to‘lovchilar ham xususiy mulk egalari bo‘lgan tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri kelishini inobatga olsak, aynan „snos“ masalasida ma’lum muddatga moratoriy e’lon qilish ayni paytda muammoni yechishning to‘g‘ri yo‘li ekanligini ko‘rsatmoqda. Toki moratoriy bo‘lmas ekan joylar alohida guruhlarning manfaati uchun buzilishi, yerlar asossiz olib qo‘yilishda davom etaverishi mumkin», — deb yozdi Rasul Kusherbayev.

««Snos»ga qarshi moratoriy ayrim joylarda xususiy mulk daxlsizligi nima ekanligini tushunmaydigan, Konstitutsiya va qonunlardagi talablardan chuqur xabardor bo‘lmagan faol «ijrochi"larning qayernidir buzib, yerni olib qo‘yaman, degan fikridan voz kechib, shu yurt kelajagi uchun o‘z harakatlarini o‘ylab ko‘rishga undagan, fuqarolarda esa ishonch uyg‘otib, investitsiya ishtiyoqini oshirgan bo‘lar edi», — ta’kidladi deputat.

«Biz nafaqat qog‘ozda balki amalda ham xususiy mulk daxlsizligi ta’minlangan, turmushi farovon, Konstitutsiyasi ustuvor jamiyatda yashashni istaymiz xolos», — deb yozdi u.