Adliya vazirligi Aholi va tadbirkorlarga yengilliklar yaratish hamda byurokratik to‘siqlarni tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hujjat loyihasiga muvofiq, 2021 yil 1 martdan boshlab fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan hamda yuridik shaxslarning pochta manzilidan (joylashgan yeridan) qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida ko‘rikdan o‘tish va transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish eksterritorial tamoyil bo‘yicha amalga oshiriladi.

Shuningdek, notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq ma’lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma’lumot talab qilmasdan, «FHDYOning yagona elektron arxivi» axborot tizimi orqali olinishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ekti bo‘lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig‘im va davlat boji to‘lovlarini to‘lashda yuridik shaxsning vakilidan naqd pul shaklida to‘lovni amalga oshirishga ruxsat berishni taklif etmoqda.

Prezident farmoni loyihasida davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to‘langan to‘lovlar, shuningdek tezlashtirilgan tartibda davlat xizmati ko‘rsatilmaganligi uchun qo‘shimcha undirilgan yig‘imlar summasi soddalashtirilgan tartibda Davlat xizmatlari agentligining byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir ish kuni ichida qaytarishni joriy etish taklif qilinmoqda. Bunda qaytarib berilgan summalar Agentlik tomonidan tegishli vakolatli organlardan regress tartibida undirib olinadi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ariza yoki unga ilova qilingan hujjatlarda to‘g‘rilash mumkin bo‘lgan xatolar mavjud bo‘lsa yoxud talab qilingan hujjatlar yetishmasa, vakolatli organ davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etmasdan, ularni to‘g‘rilash uchun arizachiga imkoniyat va muddat beradi. Bunda arizani ko‘rib chiqish muddatini hisoblash xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun vakolatli organ tomonidan berilgan vaqt davomida to‘xtatib turiladi.

Shuningdek, joriy etilishi rejalashtirilayotgan o‘zgarishga ko‘ra, davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Bunda fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlari hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ushbu hujjatlar elektron ko‘rinishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi.

Hujjat loyihasi muhokamalari 25 dekabrga qadar davom etadi.