AKT vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatovning 11 dekbar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda internet xizmatidan foydalanuvchilar soni — 22,1 milliondan oshdi. Shundan mobil internet foydalanuvchilari soni — 19 millionni tashkil etmoqda.

Mamlakat bo‘yicha aholi punktlarining mobil aloqa bilan qamrab olinishi darajasi 97 foizni, mobil internet qamrovi esa 87 foizni tashkil etdi. Dekabr oyi boshida maktablarning 70% va sog‘liqni saqlash muassasalarining 78% internetga ulangan.

Shuningdek, uning xabar berishicha, operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36,1 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s uchun 45,0 ming so‘mni (4,3 dollar) tashkil etdi.

Bugungi kunda xalqaro internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 1 200 Gbit/s ni tashkil etmoqda.

Sherzod Ahmatovning ma’lum qilishicha, «Optik tolali aloqa liniyalarini qurish» loyihasi doirasida rejalashtirilgan ob’ektlarga qadar 19 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 55,6 ming kilometr ga yetkazilgan (yil rejasi 10 ming kilometr).